Turkiya va Misr iyul boshida diplomatik aloqalarini tiklashga muvaffaq bo’lgani, ayrim kuzatuvchilar fikricha, Yaqin Sharq va Afrikadagi ziddiyatlarning yumshashiga yordam berishi mumkin. Mutaxassislar Anqara va Qohiraning Efiopiya va Liviyadagi fuqarolar urushida faol ishtirok etganiga ishora qiladi.
Your browser doesn’t support HTML5
“Taraflar Efiopiyada ham, Liviyada ham turli guruhlarni qo’llab-quvvatlagan. Liviyada anchadan beri turg’unlik kuzatilmoqda. Ushbu mojaroga aralashgan taraflar uchun o’zaro manfaatli kelishuvga erishish vaqti keldi”, - deydi xavfsizlik bo’yicha tahlilchi Aya Burveyla.
Liviya mojarosida Turkiya Milliy kelishuv hukumatini, Misr va Rossiya esa general Xalifa Haftar kuchlarini qo’llab-quvvatlab kelishdi. Natijada Turkiya va Misr yuzma-yuz to’qnashuv ehtimoli bilan yuzlashdi. Endi esa Anqara iqtisodiy hamkorlik ahamiyatiga urg’u bermoqda.
“Mojaroning eng ziddiyatli pallasida Turkiya va Misr armiyalari Liviyada yuzma-yuz keldi. Biroq energetika xavfsizligi va yoqilg’i savdosiga kelganda bu ikki mamlakat hamkorlik qilishi mumkin. Bu esa Turkiyaga ham, Liviyaga ham foydali bo’ladi”, - deydi Turkiya prezidentining maslahatchisi Mesut Jashin.
Qohira Turkiyani qo’shinlarini Liviyadan olib chiqishga chaqirmoqda.
“Misr konkret qadamlar ko’rishni istaydi. Askarlarning Liviyadan olib chiqilishini, suriyalik yollanma jangchilarning Liviyadan olib chiqilishini. Misrning Liviyada qizil chiziqlari bor”, - deydi Burveyla.
Liviyaning yoqilg’i boyliklari Turkiya va Misrni hamkorlikka undovchi kuchli omildir.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an Fors ko’rfazidagi arab davlatlari bilan darz ketgan aloqalarni tiklashga harakat qilarkan, shu hafta Misrga ittifoqdosh Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklarida bo’lib, o’nlab milliard dollarga teng shartnomalar imzoladi.
Tahlilchilar fikricha, ushbu jarayon Turkiya-Misr aloqalarining ham yaxshilanishini ta’minlab, mintaqani beqarorlashtiruvchi omillarga barham beradi.