Erdog'an prezident bo'lishga hozirlanmoqda

  • Amerika Ovozi

Turkiya bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'an parlamentda, 8-aprel, 2014-yil

Turkiyada 30-mart kuni o’tgan mahalliy saylovlarda hukmron “Adolat va taraqqiyot” partiyasi ko’pchilik ovozlarni qo’lga kiritdi. Bu partiya rahbari va mamlakat bosh vaziri Rajab Toyib Erdog’anning avgustga belgilangan prezident saylovlari oldidan imkoniyatini yaxshiladi. Mutlaq g’alaba uchun Erdog’an ayrim muammolarni hal etishi kerak.

Turkiya bosh vaziri va uning partiyadoshlarining o’tgan oy oxirida mahalliy kengashlarga o’tgan saylovda g’alabaga erishgani xalqning amaldagi hukumat siyosatini qo’llab-quvvatlashini namoyish etdi.

Istanbuldagi tahliliy markaz eksperti Chingiz Aqtarning aytishicha, Erdog’an uchun endi prezidentlikka ham yo’l ochildi.

"Bosh vazir nazarida saylovdagi g’alaba hukumatga qarshi korrupsiya ayblovlarini yuvib tashladi. Endi u prezidentlikka saylanib, siyosiy tizimni o’zartira olishiga ishondi. Bu Putinnikiga o’xshagan, nazoratsiz prezidentlik sistemasi bo’ladi. Oqibatda mamlakatdagi ziddiyatlar, qutblashish, salbiy kayfiyat yanada kuchayadi", - deydi Aqtar.

“Adolat va taraqqiyot” partiyasi qoidasiga ko’ra, uning lideri to’rtinchi bor bosh vazirlikka saylana olmaydi. Erdog’an qoidani o’z foydasiga o’zgartira olmagach, prezident saylovlarida ishtirok etish istagini bildirdi.

Hozirgi siyosiy tizimda Turkiyada prezident ko’p hollarda ramziy vazifalarni bajaradi. Avgustda bo’ladigan saylovlarda prezident ilk bor parlament emas, xalq tomonidan bevosita saylanadi. Shuning uchun, deydi Erdog’anning eng yaqin safdoshlari, bo’lajak prezident vakolatlarini kengaytirish lozim.

Shu kungacha bunga qaratilgan barcha harakatlar muxolif partiyalar qarshiligiga uchrab, amalga oshmadi.

Muxolifat Erdog’anni so’nggi paytda avtoritar boshqaruv uslubiga berilganlikda ayblab keladi.

“Milliyet” gazetasining siyosiy sharhlovchisi Asli Oydintoshboshga ko’ra, Erdog’anning saylovlardagi g’alabalariga qaramay, u jamiyatni bo’lib qo’yayotgan arbob sifatida ko’riladi. Bu esa uning prezidentlikka bo’lgan imkoniyatlarini pasaytirishi mumkin, deydi Oydintoshbosh.

"Erdog’anning Turkiya siyosatida o’ziga yarasha o’rni va ta’siri bor. Uni ham juda yaxshi ko’rishadi, ham undan juda nafratlanishadi. Erdog’an uchun jonini berishga tayyor minglab, o’n minglab odamlar bor. Biroq shu bilan birga uning o’limini istayotganlar ham bor", - deydi jurnalist.

Muxolif Milliy harakat partiyasi rahbari Davlat Bahchilining aytishicha, Erdog’anni prezidentlikka yaqinlashtirmaslik kerak. Kim bo’lsa bo’lsin, ammo Erdog’an emas, deydi u. Oppozitsiyaning boshqa yetakchilari ham shunday fikrda.

Ikki yil oldin bosh vazir terror tashkiloti deb tan olingan Kurdiston ishchilar partiyasi jangari guruhi bilan tinchlik jarayonini boshlagan edi. Kurdlar manfaatlarini himoya qiluvchi Tinchlik va demokratik partiya prezident saylovlarida Erdog’anning nomzodini qo’llab-quvvatlashi mumkin.

Hukmron “Adolat va taraqqiyot” partiyasi mart oyidagi mahalliy saylovlarda 44 foiz, Respublikachilar xalq partiyasi esa 28 foiz ovoz olgan. Biroq prezident saylovlarida birinchi bosqichdayoq g’alaba qilish uchun kamida 50 foiz ovoz to’plash zarur.

Mahalliy saylovlarda olti foiz ovoz olgan kurd partiyasi Erdog’anga yetmayotgan foizlarni olishda yordam berishi mumkin.

Biroq Qodir Xash universitetidan siyosatshunos Soli Ozelning aytishicha, bu qadar xayrixohlik bilan ham Erdog’anning saylovda g’alaba qilishiga kafolat yo’q.

"Jamiyat siyosiy jihatdan yanada bo’linadi va vaziyat keskinlashadi deb o’ylayman", - deydi Ozel.

Hukmron partiyaning asoschisi va amaldagi prezident, Erdog’anning yaqin maslakdoshi Abdulla Gulning bu borada pozitsiyasi va kelajak siyosiy rejalari hozircha ma’lum emas. U Erdog’an bilan masalani muhokama qilishi kutilmoqda. Ana shu uchrashuv avgust saylovlari natijasini belgilab berishi mumkin, deydi kuzatuvchilar.