Erdog'an: Yevropa Ittifoqiga kirishni kutishdan charchadik

  • Amerika Ovozi

Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdog'an qonunchilarga murojaat qilmoqda, 1-oktabr, 2016-yil.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'anning aytishicha, Anqara Yevropa Ittifoqiga qo'shilishni kutishdan charchadi.

Parlamentda qonunchilarga murojaat qilgan davlat rahbari Bryussel Turkiyani to'liq a'zo sifatida qabul qilish yoki qilmaslik qarorini tezroq berishi kerak, dedi.

Erdog'an shu oy kuchga kirishi lozim bo'lgan viza bitimining hanuz ish boshlamaganini ham tanqid qildi. Anqara yuz minglab qochoqlarni qabul qilishga rozi bo'lishi ortidan Yevropa Ittifoqi moddiy yordam berishni va Turkiya fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy qilishni va'da bergan edi.

Turkiya prezidenti AQSh Kongressining Prezident Barak Obama vetosini aylanib o'tib, 11-sentabr xuruji qurbonlari yaqinlariga Saudiya Arabistonini sudga berish huquqini berganini ham qoraladi. Bu afsuslanarli holat va u tez orada bekor qilinadi, deb umid qilaman, dedi u.

So'nggi paytlarda Anqara va Riyod munosabatlarini yanada kuchaytirish yo'lidan bormoqda. Yaqinda Erdog'an Anqarada Saudiyaning valiahd shahzodasi Muhammad bin Nayifni qabul qildi. Tomonlar Suriya mojarosi bo'yicha ham o'xshash qarashlarga ega.

Turkiyada 15-iyulda yuz bergan muvaffaqiyatsiz harbiy isyon ketidan Anqara va G'arb o'rtasidagi munosabatlar yanada keskinlashdi.

Turkiya davlat to'ntarishi tashkilotchichi sifatida AQShda istiqomat qulivchi Fathulla Gulenni aybladi. Vashingtonga uni ekstraditsiya qilish bo'yicha talab jo'natilgan.

Yevropa rasmiylari o'z navbatida Anqarani isyonga aloqadorlikda gumon qilinganlarga nisbatan keskin zug'um o'tkazayotganlikda ayblamoqda.