Turkiya tashqi ishlar vaziri 26-noyabr kuni Eronga tashrif buyuradi. Ikki mamlakat aloqalari Suriya urushi tufayli ancha sovuqlashgan. Ammo mintaqada mazhablararo ixtilof kuchayayotgan bir paytda, tomonlar tinchlik yo’lida o’zaro hamkorlikni kuchaytirish niyatida.
Suriya mojarosida qarama-qarshi tomonlarni yoqlagan Turkiya va Eron ziddiyatning mazhablararo urushga aylanishidan xavotirda. So’nggi paytda ular qo’shni yurtda tinchlik o’rnatish uchun birgalikda harakat qilishning ahamiyatini tushunib yetmoqda.
Bryusseldagi Karnegi jamg’armasida tadqiqot olib borayotgan Sinan Ulgenning aytishicha, Hasan Ruhoniyning Eron prezidenti etib saylanishi ham aloqalarning yumshashiga turtki berdi.Your browser doesn’t support HTML5
“O’rtaga sovuqlik tushgan edi. Eron rahbariyatining o’zgarishida Turkiya yana bir imkoniyat ko’rdi va yangi rahbariyat bilan aloqa o’rnatishga kirishdi. Eron-Turkiya munosabatlarida yangi davr boshlanmoqda, deyish mumkin. Bir qancha hududiy masalalar yuzasidan, jumladan, Suriya bo’yicha kelishmovchiliklar mavjud bo’lsa-da, umuman olganda, aloqalar to’g’ri yo’ldan ketyapti”, - deydi turk tahlilchisi.
Shu oy boshida Istanbulda o’tgan yig’inda Turkiya va Eron tashqi ishlar vazirlari mazhablararo ziddiyatga qarshi birgalikda kurashishga kelishib oldi. Yaqingacha tomonlar bir-birini sunniy va shia ixtilofini alanga oldirishda ayblab kelayotgan edi.
Sunniylar davlati sifatida Turkiya tashqi siyosatda faqat sunniy musulmonlar manfaatlarini himoya qilishda ayblanadi. Eron esa shia islomning himoyachisi sifatida Iroqdagi shia hukumatini, jumladan, Livandagi “Hizbulloh” jangari guruhini qo’llab-quvvatlaydi.
Sobiq elchi, hozirda “Tasam” tashkilotida faoliyat olib borayotgan Murat Bilhanga ko’ra, aloqalar yaxshilangani bilan, o’rtada ishonch yo’q.
“Ularning Turkiyaga ishonishi qiyin, chunki Tehron bu davlatga mazhablardagi tafovut ko’zi bilan qaraydi. Ular Turkiya tashqi siyosatini ham shu asosda baholaydi”, - deydi u.
Siyosiy ziddiyatlarga qaramasdan, ikki davlat o’rtasidagi savdo gullab-yashnamoqda. Turkiya Eron gazining eng katta xaridori. Energiya manbalariga ehtiyoji oshib borayotgan Anqara Erondan sotib olinadigan gaz miqdorini yana oshirish niyatida.
Tehronga nisbatan qo’llanilgan xalqaro iqtisodiy jazo choralari ham Turkiya bilan savdo aloqalariga jiddiy ta’sir ko’rsatmadi.
Tehron yadro dasturi yuzasidan qayta boshlangan xalqaro muzokaralar ham Turkiya-Eron munosabatlarining iliqlashishiga hissa qo’shdi, deydi tadqiqotchi Ulgen.
“Yadro muzokaralari hal qiluvchi pallaga kiryapti va bu borada jiddiy yangiliklar bor. Turkiya bu jarayondan chetda qolishni istamaydi. Bu Eron bilan muloqot boshlashga qaror qilinganining yana bir sababi”, - deydi u.
Kelasi oylarda muloqot yanada kuchayadi. Eron prezidenti Turkiyaga, Turkiya bosh vaziri Rajab Toyib Erdog’an esa Eronga tashrif buyuradi. Ammo tahlilchilar fikricha, Suriya mojarosi bir yoqli bo’lmagunicha, Eron va Turkiya munosabatlarining butunlay izga tushishi amri mahol.