Arab bahori boshlanganidan beri Yaqin Sharq mojarolar domida qoldi. Mintaqaning kelajagi haqida tahlilchilar tashvish bilan gapirmoqda.
1982-yilda Isroil tashqi ishlar vazirligining sobiq rasmiysi bir kun kelib Yaqin Sharq davlatlari parokandalikka yuz tutishini va diniy-etnik to’qnashuvlar oqibatida kichik va zaif davlatlarga bo’linib ketishini bashorat qilgan edi.
1982-yilda Isroil tashqi ishlar vazirligining sobiq rasmiysi bir kun kelib Yaqin Sharq davlatlari parokandalikka yuz tutishini va diniy-etnik to’qnashuvlar oqibatida kichik va zaif davlatlarga bo’linib ketishini bashorat qilgan edi.
Oradan 30 yil o’tib uning gaplari haqiqatga aylanayotgandek. Suriya fuqarolar urushi domida. Kuzatuvchilarga ko’ra, bu yerda davlatchilik asosidagi milliy birlashuvga allaqachon putur yetgan. Siyosiy jarayonga diniy va etnik kayfiyatdagi eski qadriyatlar bosh suqmoqda.
Ayrim tahlilchilar fikricha, Suriyadagi mojaro birinchi jahon urushidan so’ng Usmoniylar imperiyasini parchalagan va zamonaviy Yaqin Sharq davlatlariga asos solgan Sayksa-Piko kelishuvi kuchdan qolayotganini anglatadi.
Livan armiyasining sobiq generali, hozirda Beyrutda joylashgan siyosiy tadqiqotlar markazini boshqaruvchi Hisham Jobirning aytishicha, fuqarolar urushi Suriyani parchalab yuborishi mumkin. Shia Alaviylar hamda nasorolar Suriya sohillarini nazorat qilishga urinmoqda. Kurdlar va sunniy musulmonlar ham o’z mustaqil davlatlarini tuzish harakatida.
Bu mintaqa uchun og’ir zarba bo’ladi, deydi tadqiqotchi.
“Nazarimda, bu holat Livan, Turkiya, Iordaniya va Iroq birligiga ham tahdid soladi”, - deydi Hisham Jobir.
Bayrutdagi Amerika universitetining siyosatshunoslik bo’yicha professori Basil Salux ham shunday fikrda. Uning aytishicha, Arab bahori qo’zg’olonlari, Saudiya Arabistoni va Eroning qarama-qarshi tomonlarga tarafkashlik qilishi mintaqani katta xavf yoqasiga olib keldi. Mazhablararo ziddiyatning o’zi Yaqin Sharqda bundan buyon kuchli markazlashgan davlatlarning bo’lmasligini ko’rsatmoqda, deydi tadqiqotchi.
“Davlatlarni siyosiy institutlar sifatida saqlab qolishning yagona yo’li endi milliy elatlar va mazhablar o’rtasida hokimiyatni bo’lishib olish”, - deydi professor Salux.
Bu borada Livan modeli Suriyadan Iordaniyagacha bo’lgan davlatlar uchun namuna bo’lib xizmat qilishi mumkin.
“Kelajakda Iroq, Baxrayn, Yaman, Suriya va Iordaniya Livandan o’rnak olishi mumkin. Davlat instituti qulagan mamlakatlarda etnik va diniy guruhlar o’rtasida ortiq kelishuv yo’q”, - deydi Salux.
Ammo Livan modeli ham yaxshi ishlamayapti, deydi professor. Unga ko’ra, agar Suriya va boshqa ayrim Yaqin Sharq davlatlari umid qilishi mumkin bo’lgan eng yaxshi yechim shu bo’lsa, kelajak yanada mavhum.
Tahlilchilar Yaqin Sharq kelajakda zaif va kichik davlatlarga bo’linib ketishidan ogohlantirmoqda. Etnik va diniy tafovutlar asosida shakllanadigan bu davlatlar shunchalik kuchsiz bo’ladiki, ular Saudiya Arabistoni, Eron, Yevropa davlatlari yoki “Al-Qoida” kabi mustaqil guruhlardan keladigan tahdidlarga qarshi tura olmaydi.