Turkiya xavfsizlik kuchlari "Islomiy davlat" jangari guruhiga qarshi jiddiy kurash boshlagan. Guruhga a'zolarni yollaydigan hamda unga qo'shilmoqchi bo'lgan odamlar hibsga olinmoqda. Hukumat "Islomiy davlat" mafkurasini targ'ib qilgan qator veb sahifalarni yopdi.
Your browser doesn’t support HTML5
Turkiyada "Islomiy davlat" tarafdorlariga qarshi kampaniya ketmoqda. O'tgan hafta bir necha shaharda erta tongda reydlar o'tkazilib, guruhga aloqadorlik gumoni bilan 21 kishi qo'lga olingan. Rasmiylar, shuningdek, katta miqdorda qurol-aslaha va harbiy kiyim-bosh musodara qilinganini aytadi.
Mahalliy matbuot ham Turkiya orqali Suriyaga o'tmoqchi bo'lgan ko'plab jihodchilar hibsga olinganini yoritib kelmoqda.
"Jumhuriyat" gazetasi sharhlovchisi Semih Idizning qayd etishicha, reydlar "Islomiy davlat"ga nisbatan yondashuv o'zgarganidan dalolat beradi.
"Anqarani jangarilarga qarshi kurashda sust va haddan tashqari ehtiyotkor deb ko'p tanqid qilishdi. Ehtimol, Turkiya "Islomiy davlat"ga o'xshagan guruhlar Suriyada Prezident Bashar al-Assadning rejimi qulashiga hissa qo'shadi, deb umid ham qilgandir. Ammo hozir qarashlar o'zgargani sezilmoqda", - deydi Idiz.
G'arb davlatlari, xususan, Qo'shma Shtatlar bosimiga qaramasdan Turkiya shu paytgacha "Islomiy davlat"ga qarshi harbiy amaliyotlarda to'g'ridan-to'g'ri ishtirok etmagan. Suriya va Iroq bilan chegaradosh bu mamlakatga hatto jihodchilar uchun "magistral yo'l" deb nom qo'yishgan.
Xalqaro aloqalar bo'yicha ekspert Soli Ozel fikricha, xalqaro bosim ish berayapti.
"Turkiya Suriyadagi mazhablararo urushga hissa qo'shayotgan mamlakat deb tasvirlanishni istamaydi. Bunday tamg'adan tezroq qutulishga harakat qilmoqda. Oxirgi ikki-uch hafta ichida "Islomiy davlat"ga nisbatan yondashuvi keskin o'zgardi", - deya kuzatadi Soli Ozel.
O'tgan oygi saylovda Turkiyaning "Adolat va Taraqqiyot" partiyasi parlamentdagi o'rinlarining bir qismini boy bergan. Mag'lubiyat ketidan, tashqi siyosatda o'zgarishlar qilishimiz kerak, degan chaqiriqlar yangramoqda.
Partiyaning asoschilaridan biri bo'lmish sobiq Prezident Abdulla Gul ham tanqidlarga qo'shiladi. Uning aytishicha, Turkiya xalqaro sahnada yakkalanib qolgan.
Jurnalist Semih Idizga ko'ra, Anqara pragmatik qadam tashladi.
"Butun dunyo "Islomiy davlat" bilan kurashayotgan bir paytda qanday qilib chetda turasiz? Turkiya haqiqatan yakkalanib qolayotganini tushundi. Tashqi siyosatdagi burilish ortida pragmatizm yotibdi, shuningek, regiondagi jarayonlar", - deydi suhbatdosh.
Kuzatuvchilarning qayd etishicha, "Islomiy davlat" safida turklar ko'p. Turkiya xavfsizlik kuchlari ogoh turishi lozim, deydi ular.