Turkiya: Anqaradagi xurujlarni "Islomiy davlat" amalga oshirgan bo'lishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Turkiya Bosh vaziri Ahmat Dovuto'g'li

Turkiya Bosh vaziri Ahmat Dovuto'g'li nazarida Anqaradagi shanba kungi qonli xurujlarni "Islomiy davlat" jangari guruhi amalga oshirgan bo'lishi mumkin. Yirik namoyish paytida portlagan ikki bomba 97 odamni nobud qildi. Bosh vazirga ko'ra, xudkush bombachilardan birining shaxsi aniqlanmoqda va dalillar uning "Islomiy davlat"ga aloqador ekanini ko'rsatmoqda.

Xurujlarda 160 odam yaralangan.

Dovuto'g'lining aytishicha, jangarilar 1-noyabrga belgilangan parlament saylovlarini izdan chiqarmoqchi bo'lgan, ammo jarayon rejaga ko'ra o'tadi.

Turkiyada uch kunlik motam e'lon qilingan. Bosh vazir xalqni terrorizmga qarshi kurashda bir bo'lishga chaqirdi. Uning "Adolat va taraqqiyot" partiyasidagi ayrim qonunchilar nazarida xurujlar kurd bo'lginchilarining ishi, ular hukumat obro'sini to'kmoqchi bo'lgan.

Boshqalar fikricha, kurd manfaatlarini himoya qiluvchi Xalq demokratik partiyasi saylovlarda ko'proq ovoz to'plash uchun namoyishda qatnashgan tarafdorlarini nishonga olgan, bu partiyaning o'zi esa xurujlarda hukumatni ayblamoqda.