Turkiyaning Soma shahridagi konda yuz bergan falokat bilan bog’liq jinoyat ishi bo’yicha o’ndan ortiq odam hibsga olingan. 300 dan ziyod inson hayotiga zomin bo’lgan voqea yuzasidan kon kompaniyasining bir qator rasmiylari ham ehtiyotsizlikka yo’l qo’yganlikda ayblanmoqda.
Qamoqqa olinganlar orasida Soma xolding kompaniyasining yetakchi rasmiylari ham bor. Turkiyaning Energiya vaziri Taner Yildiz tekshiruvdan hech kim chetda qolmasligini ta’kidladi.
Your browser doesn’t support HTML5
Agar aybi bo’lsa, hech kimga shafqat ko’rsatilmaydi; ular davlat yoki xususiy sektor vakili bo’lishidan qat’i nazar, deydi rasmiy.
Ammo hukumat shu paytgacha kon kompaniyasi bilan yaqin aloqada bo’lib kelgani aytiladi. Shu bois rasmiy Anqara so’nggi paytlarda keskin tanqidlarga uchragan.
Bosh vazir Rajab Toyib Erdog’anning 10 yildan ortiq hukmronligi davrida hukumat Turkiya konlarini xususiylashtirish siyosatini olib bordi. Soma kompaniyasining yetakchilari orasida ham hukmron partiyaga aloqador odamlar borligi aytilmoqda.
Bosh vazir Erdog’an bu gaplarni inkor etib, Soma xolding kompaniyasidan hech kimni tanimasligini aytadi. Ammo muxolifatdagi Respublikachilar xalq partiyasi rahbari o’rinbosari Farrux Logo’g’liga ko’ra, hukumat fojeadan oldin Soma konida tekshiruv o’tkazishdan bosh tortgan.
“Bu konda sharoit har taraflama yomon edi: ish xavfsizligi, ish joyidagi talofatlar va o’lim holatlarining ko’pligi bo’yicha. Biz hukumatdan faqat vaziyatni o’rganishni so’ragan edik. Lekin hukmron partiya bu iltimosni yerda qoldirdi. Agar bunday qilmaganida, hozir ahvol boshqacha bo’lishi mumkin edi”, - deydi Logo’g’li.
Hukumat tekshiruv o’tkazish bo’yicha ilgari qilingan murojaatlarni nima sababdan javobsiz qoldirgani haqida izoh bergani yo’q.
Xalqaro hamjamiyat tomonidan ham Turiya konlaridagi sharoit yuzasida tashvish bildirayotganlar ko’p. Nyu-Yorkda joylashgan “Human Rights Watch” inson huquqlari tashkiloti kuzatuvchisi Emma Sinkler Vebbning aytishicha, hukumat hozir boshlagan katta tekshiruvi doirasida vaziyatga kengroq baho berishi lozim.
“Bu fojea Turkiya konchilik tizimidagi ulkan muammolarni jiddiy ko’rib chiqish imkoniyatini yaratishi kerak. Hukumat bu boradagi yomon ko’rsatkichlarni hisobga olib, kelajakda bunday hodisaning takrorlanishiga yo’l qo’ymaslik choralarini ko’rishi lozim. Xavfsizlik tekshiruvlari o’z vaqtida o’tkazilishi ta’minlansin”, - deydi u.
Soma fojeasi yuz berishi ortidan hukumatning konlar xavfsizligi yuzasiga qo’ygan talablari qayta ko’rib chiqila boshlandi. Turkiya hukumati 1995-yil qabul qilingan Xalqaro mehnat tashkilotining Kon xavfsizligi bo’yicha konvensiyasiga qo’shilmagan. Soma halokati ketidan Turkiyani konvensiyaga qo’shilishga chaqiruvchi internet kampaniyasi boshlanib, unga hozirgacha 200 mingdan ortiq odam imzo chekkan.
“IndustriALL Global Union” kasaba uyushmasi bosh kotibi o’rinbosari Kemal Ozkanning ta’kidlashicha, Turkiya konlari ishlash uchun dunyoning eng xavfli joylari hisoblanadi.
“Biz vaziyatni yaxshilash bo’yicha chora ko’rishga chaqirib, hukumatni anchadan beri tanqid qilib kelamiz. Agar xalqaro statistikaga qaraydigan bo’lsak, ko’mir konida yuz beradigan falokatlar ro’yxatining eng tepasida Turkiyani ko’ramiz. Masalan, Xitoyda halok bo’lgan konchilar soni bir million tonna ko’mir uchun 1,27 kishiga to’g’ri kelsa, Turkiyada bu raqam besh barobar ko’p”, - deydi Ozkan.
Ahvolni o’nglash katta moliyaviy xarajatlarni talab qiladi. Turkiyaning energiyaga muhtoj iqtisodiyoti gaz va neft zaxiralari oz bo’lgani bois ko’mir konlariga katta e’tibor qaratadi. Xalqaro energiya manbalariga qaramlikni kamaytirish uchun hukumat ko’mir sanoatini rivojlantirish siyosatini tutgan. Turkiya janubidagi ko’mir konlarini rivojlantirish uchun Qatar bilan 12 milliard dollarlik shartnoma imzolangan.
Energiya vaziri Yildiz Soma fojeasidan kerakli xulosalar chiqarilishini aytadi. Ammo u o’tgan yili Soma konini xavfsizligi va samaradorligi yuqori bo’lgani uchun olqishlagan edi. Kon egalari xususiylashtirilganidan beri konga sarflanadigan xarajatlar 75 foizga kamaytirilganini aytadi.
Yuzlab odam hayotiga zomin bo’lgan fojea ketidan hukumat endi samaradorlik va xavfsizlik bo’yicha qo’ygan talab va maqsadlarini qayta ko’rib chiqishiga to’g’ri keladi.