AQSh Prezidenti Barak Obama Turkiyada harbiylarning davlat to'ntarishini amalga oshirishga urinishi yuzasidan bayonot chiqarib, barcha partiyalarni mamlakatning demokratik yo'l bilan saylangan hukumatini qo'llab-quvvatlashga chaqirdi.
Ayni paytda Moskvada bo'lib turgan Davlat kotibi Jon Kerri Turkiya inqirozi tinch yo'l bilan hal qilinishiga umid bildirdi.
Turkiyadagi AQSh harbiylari va diplomatlari vaziyatni yaqindan kuzatib bormoqda.
15-iyul kech soat o'nlarda bir guruh harbiylar davlat to'ntarishini amalga oshirishga uringan. Mamlakat harbiylari hokimiyatni to'liq nazoratlari ostida olgani haqida bayonot chiqardi.
Bir qator hukumat rasmiylari harbiylar tomonidan garovga olingan. "Anadoli" davlat axborot agentligi xabariga ko'ra, ular orasida armiya bosh shtabi qo'mondoni ham bor. So'nggi xabarlarga ko'ra, qo'mondon ayni paytda ozod qilingan.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an armiyaning rahbariyatga bo'ysunmagan bir guruhi "parallel hukumat" bilan til biriktirib hukumatni ag'darishga uringanini aytdi. "Parallel hukumat" nomi ostida ta'sirchan diniy ulamo Fathulloh Gulen tarafdorlari nazarda tutilgan. Gulen ayni paytda AQShda istiqomat qiladi. So'nggi paytlarda Gulen va Turkiya hukumati o'rtasidagi munosabatlar keskin sovuqlashgan edi.
Mahalliy ommaviy axborot vositalari uzatayotgan so'nggi xabarlarga ko'ra, hukumat Anqara nazoratini to'liq qaytarib olgan. Rasmiylar harbiylar qo'zg'olonining muvaffaqiyatsiz yakunlanganini da'vo qilmoqda.