Turkiya xavfsizligiga tahdid saylov o'tkazishga halaqit bermaydimi?

  • Amerika Ovozi

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an (chapda) va Bosh vaziri Ahmet Dovuto'g'li, Anqara, 25-avgust, 2015-yil

Turkiyada 1-noyabr kuni muddatidan erta parlament saylovlari o'tkaziladi. Parlamentga kirgan siyosiy partiyalar so'nggi ikki oy ichida koalitsion hukumatga kelisha olmagach, Prezident Rajab Toyib Erdog'an shunday qarorga keldi. Ayrimlar Turkiya qurolli kuchlari Kurdiston ishchilar partiyasi va "Islomiy davlat" jangarilari bilan ikki frontda olishayotgan bir paytda saylov o'tkazishning mavridi emas, deya xavotir bildirmoqda.

2013-yilda Turkiya hukumati va kurd jangarilari o'rtasida kelishilgan sulh ikki yilga yetdi, xolos. O'tgan oy tomonlar yana jangga kirishdi.

Istanbuldagi Qodir Hash universitetida xalqaro aloqalar bo'yicha ekspert Soli O'zel bunday qaltis vaziyatda saylov o'tkazishga qarshi.

"Agar zo'ravonliklar davom etsa, saylov uyushtirish to'g'ri bo'larmikan? Meni xavotirga solayotgan narsa shuki, odamlar saylovga chiqmasligi mumkin. Mojaro zonasida qanday qilib ovoz berish mumkin yoki saylov natijalariga bunday sharoitda qanday ishonish mumkin?" - deydi O'zel.

O'tgan hafta "Islomiy davlat" internetda video-bayonot tarqatib, tarafdorlarini Istanbulga yurish qilishga da'vat etdi.

Karnegi jamg'armasining Bryusseldagi bo'limida tahlilchi Sinan Ulgenning aytishicha, Turkiya mojaro paytida saylov o'tkazishda katta tajribaga ega.

"1980- va 1990-yillarda Kurdiston ishchilar partiyasining terror faoliyati avjiga chiqqan mahalda ham Turkiyada saylovlar o'tkazilgan. Biroq u davrda asosan qishloq joylar nishonga olinardi, hozir esa terror shaharlarga o'tgan", - deydi Ulgen.

Mamlakatning asosan kurdlar yashaydigan janubi-sharqiy shaharlarida komendant soati joriy etilgan. Ba'zi joylarda esa vaqtinchalik xavfsizlik zonalari tashkil etilgan. U yerga tashqaridan kirish mumkin emas. Iyun oyida o'tgan parlament saylovlari natijasida parlamentga kirgan Xalq demokratik partiyasining ayrim a'zolari hibsga olingan. Guruh asosan kurdlardan iborat.

Tahlilchi O'zelning aytishicha, saylov oldidan muxolifat a'zolarining hibsga olinishi ko'p savollar tug'dirmoqda.

"So'nggi paytda "Kurdiston ishchilar partiyasi"dan ko'ra Xalq demokratik partiyasiga aloqador ko'p odamlar hibsga olingan. Demak, Prezident Erdog'anning "Adolat va taraqqiyot" partiyasi uchun kattaroq tahdid bu XDPdir", - deydi O'zel.

O'tgan hafta XDPning a'zolari bo'lmish uch hokim separatizm ayblovi bilan qo'lga olingan. Kuzatuvchilarga ko'ra, kurdlar yashovchi hududlarda politsiya va harbiylarning ko'payishi hamda favqulodda holatning e'lon qilinishi ketidan saylov natijalariga ishonchsizlik kuchayishi mumkin.