Zilzila qaqshatgan Turkiya 30 davlatdan yordam olgan

  • Amerika Ovozi

Erjish shahri, Turkiya, 27-oktabr, 2011-yil

Turkiyaning zilziladan jabr ko'rgan janubi-sharqida sovuq ob-havo va qor yoqqani bois qutqaruv ishlari qiyinlashgan.

Yakshanba kuni Erjish shahri va uning atrofida 7,2 ballik zilzila ro'y berib, shu kunga qadar 523 kishining o'lgani ma'lum. Boshpanasiz qolgan odamlar vaqtinchalik turar-joy, palatkalar bilan ta'minlanmoqda.

Kecha vayronalar ostidan uch kishi qutqarilgan, ammo ancha odam yer ostida ko'milgani va ularning hayotini saqlab qolish umidi uzilgani aytilmoqda.

Turkiyaning Isroil bilan sovuq munosabatlariga qaramay bu davlatdan gumanitar yordam kelgan. Turkiya hozircha 30 mamlakatdan yordam qabul qilgan.

Prezident Abdulla Gulning aytishicha, 50 ka yaqin davlat rahbari yordam taklif qilgan.

"Zaruratga qarab ish tutamiz", - deydi u.

Jabrdiydalar yordamni tarqatish ishlari sust kechayotganidan shikoyat qilmoqda. Palatkalarni olish uchun odamlar uzundan-uzun navbatda turibdi, ammo shunda ham hammaga yetmagan.

Bosh vazir Rajab Toyib Erdog'an sabr-toqatga chaqirmoqda. Tanqidchilarni esa mintaqa aholisini hukumatga qarshi qayrayotganlikda ayblamoqda.

"Harakatlarimizning bir qismi vayronalar ostida qolganlarni qutqarishga, uylanri tiklashga, qurbonlarni ko'mishga qaratilgan, ammo tanqidchilar muammoning bu tomoniga ko'z yumib, vaziyatdan foydalanib qolmoqchi", - deydi Erdog'an.

Qizil Yarim Oy Jamiyatining bildirishicha, jabrdiydalarga yordam jihozlari ortilgan 17 yuk mashinasi kecha o'marilgan.

Zilzila oqibatlarini aks ettiruvchi tasvirlar: