Erdog'an Rossiyani ogohlantirmoqa

  • Amerika Ovozi

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an

Turkiya va Rossiya o'rtasida yangidan janjal boshlanmoqda. Anqara havo sarhadini rus samolyoti buzganini da'vo qilmoqda, Moskva ayblovlarni asossiz propaganda deya inkor etmoqda.

Turkiya Tashqi ishlar vazirligining bildirishicha, juma kuni ertalab Rossiyaning Su-34 samolyoti bir necha ogohlantirishga qaramay, turk chegarasini kesib o'tgan. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an Rossiyani mas'uliyatsizlikda ayblab, bu hol takrorlansa, oqibati yomon bo'lishi haqida ogohlantirdi.

Rossiyaning Anqaradagi elchisiga norozilik notasi topshirildi.

Rossiya Mudofaa vazirligining ma'lum qilishicha, rus samolyotlari biror marta Turkiya tomoniga o'tmagan.

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg blokka a'zo Turkiya yonini olib, Rossiyani mas'uliyat bilan harakat qilishga, NATO havo sarhadini buzmaslikka chaqirdi.

AQSh Mudofaa vazirligi so'zlovchisi Mark Raytning aytishicha, Rossiya mintaqada beqarorlikni oshirishga qaratilgan harakatlardan o'zini tiyishi zarur.

Noyabr oyida Turkiya Rossiyaga qarashli samolyot chegarasini buzganini da'vo qilib, uni urib tushirgan edi. Moskva o'shanda ham aybsiz ekanini ta'kidlagan.

Turkiya qo'shni Suriyada isyonchilarni qo'llab-quvvatlamoqda, Rossiya harbiy-havo kuchlari esa Suriya Prezidenti Bashar Assad armiyasiga madad bermoqda.