Turkiyada kurd jangarilari bilan to'qnashuvlarda o'lgan askarlar dafn etilmoqda. Ularda vazirlar ham qatnashar ekan, norozilik namoyishlari kuchayib borayapti.
Your browser doesn’t support HTML5
Tahlilchilarga ko'ra, ko'pchilik Kurdiston ishchilar partiyasi bilan urush qayta boshlanganida Prezident Rajab Toyib Erdog'anni ayblaydi.
Kurd jangarilari qo'lidan o'lgan askarning dafn marosimida "Prezident - qotil", "Adolat va Taraqqiyot partiyasi - qotil" degan hayqiriqlar yangradi. Bu marosimda qatnashayotgan vazirlarga qaratilgan. Turkiyaning turli shaharlarida shunga o'xshash manzarani ko'rish mumkin.
Xalqaro aloqalar bo'yicha ekspert Soli O'zelga ko'ra, prezident va hukmron partiya xatoga yo'l qo'ygan ko'rinadi.
"Adolat va Taraqqiyot partiyasi va Prezident Erdog'an dafn marosimlaridan o'z manfaatlari uchun foydalanishga harakat qilishyapti. Xalq orasida nafaqat Kurdiston ishchilar partiyasiga nisbatan, balki hokimiyat tepasida o'tirganlarga nisbatan ham g'azab kuchli", - deydi O'zel.
Adolat va Taraqqiyot partiyasi iyun oyidagi saylovda parlamentdagi hukmronlikni qo'ldan boy bergan edi. Oradan ko'p o'tmay kurd isyonchilari bilan ikki yillik sulh barbod bo'ldi va janglar qayta boshlandi.
Ayrimlar nazarida Prezident Erdog'anning erta saylovlar o'tkazishdan maqsadi o'z partiyasi uchun g'alabani qo'lga kiritish. "Jumhuriyat" gazetasi sharhlovchisi Semih Idizning qayd etishicha, aholi orasida isyonchilar bilan ixtilof kuchaygani ortida bir gap bor, deyayotganlar ko'p.
"Erta saylov muayyan maqsadni ko'zlayotgani da'vo qilinyapti. Ya'ni aholini qo'rquvga solib, Adolat va Taraqqiyot partiyasiga ovoz berishga undash. Partiyani tinchlik va barqarorlik kafolati etib ko'rsatish", - deydi Idiz.
Turkiyada harbiylarning dafn marosimlarida oldin milliy shiorlar va "kurdlarga o'lim" degan hayqiriqlar yangrar edi. Bugun bu g'azab hukumatga qaratilgan.
Ommaviy so'rovlarga qaraganda, Adolat va Taraqqiyot partiyasining reytinglarida katta o'zgarish yo'q. Ammo askarlar orasida talafotlar oshgan sari hukumatga nisbatan tanqidlar ham kuchayaveradi. Noyabrdagi saylovda partiya yana yutqazishi mumkin.