Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’anning aytishicha, mamlakatni hafta boshida urgan ikkita qattiq zilzila natijasida o’lganlar soni 16 yarim mingdan oshdi, 66 mingdan ziyod odam jarohat olgan.
Your browser doesn’t support HTML5
Kecha zilzila markazi Qahramonmarash shahriga borgan Erdog’an bugun Gaziantep viloyatida bo’ldi. U uyidan ayrilgan odamlar uchun davlat hisobidan bir yil ichida 3-4 qavatli uylar qurib berilishini va’da qildi.
Qo’shni Suriyada esa o’lganlar soni 3500 atrofida.
Erdog’an zilziladan zarar ko’rgan Qahramonmarash shahridan 16 ta go’dakni prezident samolyotida poytaxt Anqaradagi kasalxonaga olib ketishni buyurdi. Chaqaloqlardan ikkisi qulagan binolar ostidan olib chiqilgani aytilmoqda.
Yer qimirlab Turkiyada 6400 dan ziyod bino qulaganiga uch kun o’tishiga qaramay, qutqaruvchilar xarobalar ostidan tirik odamlarni chiqarishda davom etmoqda. Bugun istanbullik qutqaruvchilar bir bolakayga ikkinchi hayot bag’ishladi. Azim shahar hokimligi bu ish uchun 1300 dan ortiq mutaxassisini safarbar etgan.
Hatay shahrida esa zilziladan 79 soatdan so’ng ikki yashar bola qutqarildi.
Xorijiy qutqaruvchilar ham ancha faol ko’maklashmoqda. Isroillik harbiylardan iborat jamoa Qahramonmarash shahrida 12 yashar bolani vayronalar ostidan chiqarishga muvaffaq bo’ldi.
Jamoa jami 10 odam qutqarilganini ma’lum qildi. Mana bu videoda 65 yoshli otaxonning hayoti saqlab qolindi.
Italiyalik o’t o’chiruvchilar brigadasi Hatayda qulagan 4 qavatli bino qoldiqlari ostidan 23 yoshli yigitni chiqardi.
Mamlakat janubi-sharqidagi Adiyaman shahrida ispaniyalik o’t o’chiruvchilar olti soat davom etgan amaliyot natijasida bir odam va uning 12 yashar qizini qutqarishdi, o’g’lining jasadi topildi.
Turkiyada Polsha va Ruminiyadan borgan qutqaruvchilar ham ishlayapti. Polshaliklar bugunning o’zida sakkiz kishiga, jumladan bir oilaning to’rt a’zosiga yangi hayot bag’ishladi, ruminiyalik mutaxassislar esa 20 soatlik amaliyot davomida 16 yoshli o’smirni kichikroq yer silkinishidan qulagan bino ostidan chiqarishdi.
Turkiyada O’zbekiston Favqulodda holatlar vazirligi mutaxassislari ham bor. O’zbekistonning Istanbuldagi konsullik xizmati bergan ma’lumotga ko’ra, bugun Gaziantep shahriga O’zbekistondan uchgan samolyotda dori-darmon va 71 kishi borgan. 50 nafari ko’chma gospitalni yuritadigan tibbiyot xodimlari bo'lib, zilzilalar oqibatida jarohatlanganlarga shoshilinch yordam ko'rsatishadi.
Suriyaning isyonchilar nazoratidagi Idlib viloyatida zilziladan salkam 2000 odam o’lgan. U yerda qutqaruv ishlari bilan asosan “Oq dubulg’alar” deb nomlanuvchi tashkilot vakillari shug’ullanmoqda.
Abu Yazan Madaa ismli bir odam oilasining aksariyat a’zolari qutqarilganini, ammo Habib ismli o’g’li nobud bo’lganini aytadi.
Hududda ob-havoning sovuqligi qutqaruv ishlarini qiyinlashtirmoqda.
Shunga qaramay, deydi Ubayda Usmon ismli mahalliy rasmiylardan biri, qidiruv va qutqaruv ishlari to’xtagani yo’q.
Zilzila ko’p yillik mojaroda saqlanib qolgan infratuzilmaning qolgan qismini ham vayron qildi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa gumanitar tashkilotlar hududga zudlik bilan yordam berishga chaqirmoqda.
“Imoratlar vayron bo’lgan, odamlar sarosimada, yordamdan darak yo’q, Idlibga yetib borgani yo’q. Tibbiy anjomlar, ko’rpalar, oziq-ovqatga ehtiyoj katta”, - deydi “Maram jamg’armasi” deb nomlanuvchi gumanitar tashkilot asoschilaridan biri Yakzan Shishakli.
Turkiya bilan chegaradosh bu hududda qo’shni mamlakat bilan chegaralar ochiq, ammo yo’llar zilziladan qatiq zarar ko’rgan.
“Qo’shnilarimning hammasi nobud bo’ldi. O’g’lim o’ldi. Oilamning qolgan a’zolari tirik qolganiga Allohga shukur qilaman”, - deydi Madaa.
Bugun BMTning gumanitar yordam ortilgan ilk karvoni Turkiya orqali Idlibga yetib bordi.
"Karvon oltita yuk mashinasidan iborat. Dorilar, oziq-ovqat, nimaiki kelgan bo’lsa, birinchi navbatda muhtojlarga tarqatiladi”, - deydi mahalliy rasmiy Mazen Alush.
Suriya shimoli-g’arbida 4 milliondan ziyod odam zilzilagacha ham yordamga muhtoj edi.