Turkiya parlamenti Suriyaga hujum qilishga ruxsat beruvchi qonun qabul qildi

  • Amerika Ovozi
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi Suriya tomonidan Turkiyaga qilingan hujumni keskin qoralab bayonot chiqardi. Turkiya kecha ham Suriya harbiy bo’linmalarini o’qqa tutishda davom etdi. Tahlilchilar fikricha, ikki davlat orasidagi harbiy mojaro hududdagi vaziyatni yanada izdan chiqarishi mumkin.

Your browser doesn’t support HTML5

Turkiya va Suriya mojarosi, Behzod Muhammadiy


Xavfsizlik Kengashi Suriyani o’z qo’shnilarining hududiy daxlsizligi va mustaqilligini to’liq hurmat qilishga chaqirdi. Suriya xatti-harakatlari qoralangan bayonot Kengashning jami 15 a’zosi tomonidan birdek ma’qullangan. Bashar al-Assad rejimiga qarshi bir yarim yildan beri davom etayotgan qo’zg’olon yuzasidan Xavfsizlik Kengashi shu paytgacha biror marta yakdil qarorga kelmagan edi.

Turkiyaning Suriya chegarasidagi Akchaqal’a qishlog’iga chorshanba kuni uyushtirilgan hujumda besh nafar mahalliy fuqaro halok bo’lgan edi.

Inson huquqlari faollari bergan ma’lumotga ko’ra, Turkiya hujumlaridan Suriyaning Tel-Abyad shahri yaqinida uch askar halok bo’lgan. Lekin mahalliy matbuot, davlat axborot vositalari bu haqda xabar tarqatmagan.

Ayni paytda turk askarlari chegarada nazoratni kuchaytirgan.

AQSh Davlat Departamenti so’zlovchisi Viktoriya Nulandning aytishicha, NATO a’zosi bo’lgan Turkiya hujumi to’g’ri va me’yorida amalga oshirilgan.

Kecha Turkiya parlamenti Suriyada harbiy amaliyotlarni amalga oshirishga ruxsat beruvchi qonunni ko’pchilik ovoz bilan tasdiqladi.

Mamlakat Bosh vaziri Rajab Toyyib Erdo’g’anning aytishicha, Turkiyaning Suriyaga qarshi urush ochish niyati yo’q, ammo o’z chegara va fuqarolari xavfsizligini ta’minlash uchun har narsaga tayyor.

“Bugungacha Suriya yetti marta Turkiyaga qarata o’q ochdi, biz biror marta qarshi javob qaytarmadik”, - dedi Erdo’g’an.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun barcha tomonlarni o’zlarini tiyishga va muammoga siyosiy yechim topish yo’lidan borishga chaqirdi.

Mintaqa bo’ylab sunniy va shia hukumatlar boshqaradigan davlatlar o’rtasida yangi mojarolar kelib chiqishi mumkin degan xavotir bor.

Suriya hukumatiga qarshi davlatlar boshida Turkiya turibdi. Ayrim tahlilchilar fikricha, so’nggi mojaro ortidan Turkiya NATOni ham harbiy front sari tortishga urinadi. NATO aralashuvi Suriya muammosi tezroq bartaraf etadi, deya ishonuvchilar ko’p.

Ammo boshqa tahlilchlar, jumladan, Londondan Nadim Shohidi ta’biricha, rasmiy Anqara bunday yo’ldan bormaydi.

“Turkiya Suriyaga qarshi urush ochmaydi. Buning uchun unga xalqaro hamjamiyat va arab davlatlarining qo’llab-quvvatlovi kerak”, - deydi tadqiqotchi.

Turkiya boshidan Suriya muxolifati yonini olib keladi. O’n minglab qochoqlarga va siyosiy muhojirlarga boshpana bergan. Suriya muxolifatiga tashqi yordam, asosan, Turkiya orqali o’tmoqda.