Turkiya "Islomiy davlat" jangarilariga qarshi kurashda AQSh bilan hamkorlikni yo'lga qo'ymoqda. Xususan, Qo'shma Shtatlar "Injirlik" harbiy aviabazasidan foydalanishi mumkin bo'ladi.
Baza Suriya chegarasiga yaqin bo'lib, AQSh samolyotlari uchun masofa qisqaradi va harbiy amaliyot yengillashadi. Biroq bazadan foydalanish xususida Anqara va Vashington kelisha olmayotgan ayrim masalalar bor.
Anqaraning "Injirlik" harbiy-havo bazasini AQSh samolyotlari uchun ochish qarori "Islomiy davlat"ga qarshi kurashda muhim qadam, deydi AQSh rasmiylaridan biri.
"Injirlik" Adana shahri yaqinida, Suriya chegarasidan 110 kilometr narida joylashgan. Demak, shu kungacha Bahrayn va Iordaniyadagi aviabazalar hamda Fors ko'rfazidagi avianosetslardan havoga ko'tarilayotgan AQSh samolyotlari manzilga endi tezroq yetadi.
Your browser doesn’t support HTML5
"Islomiy davlat" va Assad rejimiga qarshi kurash usullariga farqli yondashuv tufayli AQSh bilan oylab bahslashib kelgan Anqara Vashingtonning "Injirlik" bazasidan foydalanish iltimosini qondirmay kelayotgan edi. Bazaning AQSh uchun ochilishi ikki tomonlama aloqalarni yaxshilashga yordam beradi, deydi Al-Monitor veb sahifasi jurnalisti Qadri Gursel.
"Turkiya bu bilan "Islomiy davlat"ga qarshi xalqaro koalitsiyaning to'laqonli a'zosiga aylandi. Bu juda muhim qadam", - deydi Gursel.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'anning aytishicha, AQSh bazadan o'zaro kelishilgan tartibda foydalanadi va baza kengaytirilmaydi. Harbiy inshootning qanday maqsadlarda ishlatilishi yuzasidan tomonlar turlicha tasavvurda ekani ayon bo'ldi.
AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Jon Kirbining aytishicha, "Injirlik" aviabazasi Suriya Demokratik ittifoq partiyasining "Islomiy davlat"ga qarshi kurashayotgan kurd jangchilarini qo'llab-quvvatlashda qo'l keladi. Biroq Turkiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Tanju Bilgichga ko'ra esa, AQSh bilan shartnomada kurd jangchilariga madad berish ko'zda tutilmagan.
Anqara Demokratik ittifoq partiyasini Turkiyada faoliyati man etilgan Kurdiston ishchilar partiyasi, ya'ni PKKning bir bo'lagi sifatida ko'radi. PKK 30 yildan beri Turkiya hukumati bilan kurdlar mustaqilligi uchun kurashib keladi. AQSh va Yevropa Ittifoqi uni terrorchi tashkilot deb belgilagan.
Demokratik ittifoq partiyasi AQSh harbiy-havo kuchlari yordamida "Islomiy davlat" ustidan qator g'alabalarni qo'lga kiritdi. Suriyaning Turkiya bilan chegaradosh hududining yarmini hozir shu kurd qismlari nazorat qiladi.
Bryusseldagi Karnegi institutida turkiyalik tahlilchi Sinan Ulgenning aytishicha, Anqara AQShga "Injirlik"ni suriyalik kurdlarga yordam berish uchun emas, balki ularni nazorat qilish uchun bergan.
"Turkiya "Islomiy davlat"ga qarshi kampaniyadan geosiyosiy maqsadda o'z milliy manfaatlari yo'lida foydalanishi mumkinligini anglamoqda. Anqara suriyalik kurdlarning kattaroq hududlarni egallashini istamaydi", - deydi Ulgen.
Tahlilchilarga ko'ra, "Injirlik" aviabazasi bo'yicha tomonlar o'rtasida aniq belgilangan shartnoma bo'lmas ekan, AQSh va Turkiya o'rtasida munozara hal bo'lmaydi.