AQShda asoslangan “Pyu” (Pew) tadqiqot markazi o’tkazgan so’rov natijalari Turkiyada ksenofobiya, ya’ni xorijliklarga nisbatan adovat va millatchilik kuchayganini aniqladi.
Your browser doesn’t support HTML5
“Taraf” gazetasi muxbiri Semih Idiz izohicha, xorijliklarga nisbatan nafrat va qo’rquv haqida gapirganda, faqatgina G’arb nazarda tutilmayapti.
“So’rovda qatnashganlarning 70 foizi AQShdan nafratlanishini aytgan, ammo Rossiyaga qarshi kayfiyat ham shu raqam atrofida. Bundan tashqari Saudiya Arabistoni va Xitoy, shuningdek, NATO va Yevropa Ittifoqiga qarshilar ham ko’pchilik. Xullas, turklar bugun hech kimni yoqtirmaydi”, - deydi Idiz.
O’tgan oylar mobaynida Turkiyaning uch qo’shnisi - Suriya, Iroq va Eron bilan diplomatik aloqalari taranglashdi. Siyosiy sharhlovchi Chingiz Aktar deydiki, Suriya mojarosi hamda “Islomiy davlat”ga qarshi kurash yuzasidan G’arbdagi ittifoqchilar bilan kelishmovchiliklar ham turklar orasida yakkalanish kayfiyatiga hissa qo’shdi.
“Rossiyaga o’xshab, Turkiya hukumati ham “mag’rur izolyatsiya”, “arziguli yolg’izlik” degan g’oyalarni olg’a surayapti. Aslida o’zini o’zi yakkalab qo’ygan”, - deydi Aktar.
Sharhlovchilarga ko’ra, dunyoga shubha va hatto adovat bilan qarash Turkiya uchun yangilik emas. Dushmanlar mamlakatni o’rab turgani, G’arb arab davlatlari bilan til biriktirib, Usmoniylar imperiyasini qulatgani haqida o’tgan asr mobaynida maktablarda o’rgatilgan. Yosh avlod ana shu g’oyalar bilan katta bo’lgan.
Shu bilan birga, deydi Aktar, Yevropa davlatlari Birinchi jahon urushidan keyin Turkiyani bosib olgani jamiyat ruhiyatida hamon muhim rol o’ynaydi.
“Mustafo Kamol Otaturk va uning safdoshlari yangi davlatga asos solgan. Shuning uchun G’arbdan keladigan har narsadan gumonsirash, ular dushman degan qarash saqlanib qolgan, afsuski”, - deydi siyosatshunos.
Mamlakatda kelasi yil yozda saylovlar bo’lib o’tadi. Semih Idiz fikricha, siyosatchilar omma orasidagi qo’rquv-xavotirlardan foydalanishi, millatchilik yanada avj olishini kutsa bo’ladi.
“Tashqi kuchlar go’yo Turkiyaga qarshi yovuz rejalar tuzib qo’ygan-u, siyosatchilar esa vatan himoyasida. Prezident Erdog’anning o’zi ham Birinchi jahon urushi davridagi voqealarga ishora qilib, o’z kampaniyasida foydalangan”, - deydi “Taraf” gazetasi sharhlovchisi.
O’tgan oy Rajab Toyib Erdog’an chiqishlaridan birida G’arbni Yaqin Sharqning ishlariga behuda aralashayotganlikda ayblab, Birinchi jahon urushi tarixidan misollar keltirgan.