Turkiyzabon o'lkalar hamkorligi sustligicha qolmoqda

Xabarlarga ko’ra, turkiyzabon o’lkalar hamkorligi kengashining Bishkekda o’tkazilishi kutilgan anjumani qoldirilgan. Tashabbus Qirg’iziston tarafidan ko’tarilgani aytilmoqda. Sammit joriy yilning tortinchi kvartaliga mo’ljallangan edi. Anjuman nechun va qay muddatga ortga surilgani e’lon qilinmadi.

Ma’lumki, turkiyzabon davlatlarning zikr qilingan xalqaro tashkiloti, qisqacha Turk Kengashi, 2009-yil tashkil topgan bo’lib, unga Ozarbayjon, Qirg’iziston, Qozog’iston va Turkiya kiradi.

Anjuman ne sabab qoldirilgan bo’lishi mumkin? Turkiyzabon o’lkalar muloqoti naqadar muhim? Nega Turk Kengashi jiddiy obro’-e’tibor qozona olmayapti? “Amerika Ovozi” mahalliy siyosatshunoslarning fikr-mulohazalari bilan qiziqdi.

O’shlik tahlilchi Mahmudjon Qozoqboyev fikricha, turkiyzabon o’lkalar kengashining Bishkek sammiti hukumatning ish jadvalidagi tig’izlik sabab qoldirilgan bo’lishi ehtimol.

Bishkekdagi Diplomatiya akademiyasi dotsenti Japar Birimqulov ham yil oxirida Qirg’iziston rasmiy doiralari mamlakat konstitutsiyasiga o’zgartirishlar kiritish yuzasidan referendum va mahalliy kengashlarga saylovlar kabi muhim tadbirlar bilan band bo’lishini ta’kidlaydi. Moliyaviy muammolar ham yo’q emas.

Suhbatdoshning aytishicha, keyingi oylarda Anqaraning Fathulla Gulen tizimiga tegishli qirg’iz-turk o’quv yurtlarini yopish talablari Bishkekni ranjitgan. Bu hol ham munosabatlarga soya solishi ehtimoldan xoli emas.

Japar Birimqulov kuzatuvlariga ko’ra, Turkiya va boshqa turkiyzabon mamlakatlarning biznes ahli, madaniyat, tibbiyot tarmoqlari yaxshi hamkorlik o’rnatgan bir paytda davlatlararo aloqalarda shijoat va sur’at sezilmaydi.

Aytaylik, Qirg’iziston tashabbusi bilan tashkil etilgan Jahon ko’chmanchilar o’yinlari galma-gal Qozog’iston, so’ngra Turkiyadao’tkazilishi kelishilgan edi. Ammo keyinroq har ikki mamlakat bunday imkoniyatdan voz kechgan. Oqibatda bu yili ham tadbir Qirg’ziston zimmasiga tushdi.

Nega Turk Kengashi va Turksoy kabi turkiyzabon mamlakatlarning xalqaro uyushmalari jiddiy obro’-e’tibor qozona olmayapti? Nega turkiyzabon o’lkalar tarqoqligicha qolmoqda?

Suhbatdoshlar nazarida gap maqsadlar, qiziqishlar, manfaatlar xilma-xilligi, ayrim hollarda esa mafkuraviy zidliklar mavjudligida. Qolaversa, turkiyzabon o’lkalarni jipslashtirishda yetakchilikka da'vogarlik qilayotgan Turkiya qiyofasida tegishli salohiyat va jozibadorlik yetishmayotgani ko’zga tashlanadi.

Birimqulov ta’biricha, turkiyzabon o’lkalarning ayrim uyushmalari muloqotlari sinfdoshlar uchrashuvini eslatadi. Odatda hol-ahvol so’rash, o’zaro takallufdan nari o’tilmaydi.

O’shlik tahlilchi Mahmudjon Qozoqboyev deydiki, kichik o’kalarning “katta og’achilik” ehtimolidan cho'chishlari tabiiy. Va bu o’rinda o’zaro ochiqlik, o’zaro ishonch hosil qilish muhim.

“Hozircha bu uyushmada aytarli potensial va imkoniyatlar ko’rinmaydi. Ozarbayjon, Qozog’iston, Turkiya kabi badavlat o’lkalarning imkoniyatlarini hisobga olgan holda, Qirg’iziston aytilgan tashkilot doirasida samarali iqtisodiy hamkorlik yo’lga qo’yilishiga umid bog’lagan edi. Faqat umumiy til va umumtarih asosidagina davlatlarni birlashtirish qiyin”, - deydi Bishkekdagi Diplomatiya akademiyasining dotsenti Japar Birimqulov.