"Islom dunyosida qochqinlar", Ashgabatdagi konferensiya xulosalari

Turkmanistonda Islom Hamkorlik Tashkiloti tashabbusi bilan o’tgan xalqaro anjumanda qochqinlar taqdiri muhokama etildi. BMTning Qochqinlar bo’yicha agentligi bilan hamkorlikda uyushtirilgan konferensiya bu tashkilotga a’zo davlatlar vazirliklari darajasida o’tgan.

Qochqinlarga ko’mak berish, huquqlarini himoyalash, bu borada davlatararo va xalqaro hamkorlikni muvofiqlashtirish kabi masalalar muhokama qilingan.

Ayni paytda islom davlatlaridagi qochqinlar soni 17 million atrofida ekangi ta’kidlanadi.
Ashgabatda o’tgan “Islom dunyosida qochqinlar” mavzusidagi konferensiyada prezident Qurbonguli Berdimuhammedov ham qatnashgan.

U o’z chiqishida qochqinlar bilan ishlashda Turkmaniston tajribasini misol keltirgan. Xususan, mamlakatda qochqinlarga fuqarolik berish tajbirasi soddalashtirilgani, 2011-yilning o’zida uch mingga yaqin qochqinlarga fuqarolik berilgani haqida gapirgan.

Turkmanistondagi qochqinlar asosan turli sabablarga ko’ra vatanini tark etgan mintaqa davlatlari fuqarolaridan iboratligi ta’kidlanadi.

Islom Hamkorlik Tashkiloti ma’lumotiga ko’ra, 500 dan oshiq delegatlar ishtirok etgan anjumanda ayni paytda islom davlatlarida yashayotgan 17 milliondan oshiq qochqinlar taqdiri, ularning huquqlarini ta’minlash, yuzlashayotgan muammolar, bu borada BMT qochqinlar agentligi bilan yaqindan hamkorlik qilish masalasi muhokama qilingan.

Tashkilot Bosh kotibi Akmaliddin Ehsono’g’li diniy, irqiy kelib chiqishidan qat’iy nazar insonlarga muruvvat ko’rsatish va boshpana berish, huquqlarini ta’minlash nafaqat dunyoviy, balki islomning ham asosiy qadriyatlaridan ekani haqida gapirgan.

Konferensiyada Islom Hamkorlik Tashkilotiga a’zo 50 dan ortiq davlatlarning tashqi ishlar vazirliklari mulozimlari qatnashdi.

Qochqinlikka mahkum bo’layotgan insonlar - islom dunyosi uchun dolzarb turgan chigal muammolardan. Ularning ko’pchiligini musulmonlar tashkil etadi.

Islom davlatlari nafaqat qochqinlarni qabul qiladi, balki siyosiy, diniy va boshqa sabablarga ko’ra vatanini tashlab ketayotganlarning aksariyati ham musulmon davlatlaridan.

Anjumanda islom o’lkalaridagi bu boradagi vaziyat muhokama qilingani haqida ma’lumotlar yo’q, biroq tashkilot bu masalaga ahamiyat bera boshlagani, xususan bunday konferensiyani birinchi bor o’tkazilayotgani ijobiy baholanmoqda.

Shuningdek, Islom Hamkorlik Tashkiloti faolroq bo’lishi, qochqinlik bilan bog’liq muammolarni, bu holatga olib keluvchi sabablarni bartaraf etishda faoliyatini kuchaytirish lozimligi haqida fikrlar bildirilmoqda.

Qirg’iziston o’zbeklari yetakchisi, ayni paytda Shvetsiyada yashayotgan Qodirjon Botirov shunday deydi:

“Bu biz uchun juda katta yangilik, avvaldan shunday bo’lishi kerak edi. Men o’ylaymanki, bu muammo eng dolzarb. Islom dunyosida yashayotgan xalqlarning tinchi buzilgan, ularning chetga chiqishlarida ham muammolar mavjud. Shuning uchun bu tashkilot xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirib, bizni vatandoshalarga ham ko’mak ko’rsatadi degan umiddaman. Bunday konferensiyalar albatta o’z natijasini beradi. Masalan, biz boshimizga shunday ish tushganidan keyingina turli xalqaro tashkilotlar borligini, bu ish jiddiy yo’lga qo’yilgani, turli muammolar borligini ko’rdik. Bu yerda ishlanadigan jiddiy muammolar ko’p, bu tashkilotlarni xalqqa yaqinlashtirish kerak. Iloji bo’lsa, bizni davlatlarda ham ofislarini ochish kerak. Shuning uchun umid qilmanki, bu tashkilot yaqin kelajakda o’z ishini yanada rivojlantiradi, el ichiga kirib boradi”.

Ashgabat anjumanida falastinlik qochqinlar, ularning haq-huquqlari bilan bog’liq vaziyatga ham alohida ahamiyat qaratilgan.

Islom Hamkorlik Tashkiloti bosh kotibiga ko’ra, Falasin atrofidagi vaziyat qochqinlar taqdiri yillar davomida keskin va chorasiz qolayotgani, ularning hayoti, kelajagi siyosiy qarorlarga bog’lab qo’yilganini ko’rsatuvchi holatdir.