Breaking News

BMT Qochqinlar agentligi Toshkentdagi idorasini yopdi


BMT Qochqinlar bo’yicha Oliy komissariati Toshkentdagi idorasini O’zbekiston hukumati talabiga binoan yopgan.

O’zbekistonda 13 yildan beri faoliyat yuritib kelgan qochqinlar agentligiga idorani yopish uchun bir oy muhlat, ya’ni 17 aprelgacha vaqt berilgan edi.

Rasmiy Toshkent nazarida, komissariat O’zbekistondagi barcha vazifalarini bajarib bo’lgan va uning mamlakatda qolishiga ortiq hojat yo’q.

Komissariat fikricha, O’zbekiston hukumati idorani Andijon voqealaridan so’ng Qirg’izistonga qochgan kishilarni uchinchi mamlakatga ko’chirishda yordam bergani uchun yopishga qaror qilgan bo’lishi mumkin. Komissariat so'zlovchisi Astrid van Genderen Stortga ko'ra:

"Bu rasmiy sabab qilib ko’rsatilmagan. Ammo agentlik va hukumat orasida qochqinlar masalasi bo’yicha keskinlik bo’lgani aniq. Boshqa mamlakat hukumatlari bilan ham kelishmovchiliklar bor, lekin bu idoralarimizning yopilishiga sabab bo’lishi shart emas."

Qochqinlar bo’yicha Oliy komissariat vakili Jennifer Pagonisning aytishicha, O’zbekistondagi muhojirlarga ko’maklashish ishlari bilan endilikda boshqa bir agentlik shug’ullanadi.

"BMT Taraqqiyot dasturi Toshkentdagi idorasi orqali va alohida kelishuvga muvofiq, asosan afg’onlardan tashkil topgan 1,800 qochqinga yordam berishda davom etadi," - deydi Pagonis xonim.

XS
SM
MD
LG