Turkmaniston Niyozov merosidan voz kechmoqda

Turkmanboshi o'limidan so'ng u qurdirgan haykallar, belgilagan siyosat, mafkura moziyga ravona bo'lmoqda.

Turkmaniston poytaxti Ashgabatda marhum prezident Saparmurod Niyozov sharafiga o'rnatilgan 12 metrlik oltin suvi yuritilgan haykalni olib tashlash ishlari yakunlangan. 1998-yilda qad ko'targan haykal Quyoshga yuz tutgan holda harakatlanar edi va balandligi 75 metr bo'lgan Neytralitet arkasida turar edi.

Ma'lumotlarga ko'ra, qishgacha arka ham olib tashlanadi.

Saparmurod Niyozov mamlakatni 15 yil boshqargan. 2006-yilda to'satdan vafot etib, uning o'rniga Qurbonguli Berdimuhammedov kelgan. Shundan so'ng Turkmanboshini ulug'lovchi yodgorliklar, amaliyotlar, siyosatdan voz kechila boshladi. Xususan, davlat madxiyasi matnidan uning ismi olib tashlandi, rasmiylar yangi lavozimga kirishayotib unga qasamyod keltirishi bekor qilindi, barcha idora va o'quv yurtlarida o'rganilishi majburiy bo'lgan Niyozov ijodining namunasi - "Ruhnoma"dan voz kechildi.