Yevropadan tortib Afg'oniston, Pokiston va Xitoygacha bo'lgan hududlarni gaz bilan ta'minlashga va'da berayotgan Turkmaniston uchun 2015-yil yirik energetik loyihalar davri bo'ldi. Mamlakat o'zini xalqaro masalalarda betaraf deb e'lon qilganiga 20 yil to'ldi. Bu sana Ashgabatda tantanalar bilan nishonlandi. Turkmaniston Suriya turkmanlari masalasida sukutda, mamlakatda inson haqlari keskin cheklangan.
2015-yilda yirik gaz zaxiralariga boy Turkmaniston uchun uzoq kutilgan TAPI loyihasi rasman ochildi. Proyektga ko'ra, gaz quvurlarini Turkmaniston, Afg'oniston, Pokiston va Hindiston bo'ylab yotqizish ishlari boshlandi.
Prezident Qurbonguli Berdimuhammedov Yevropa gaz bozoriga chiqish imkonini beruvchi “Sharq -G`arb” loyihasi bo'yicha ham quvurlar bitkazilganini e'lon qildi. Turkmaniston tomonidan Kaspiy qirg'oqlarigacha keltirilgan bu quvurlar dengiz orqali Ozarbayjon, Turkiya va Yevropa bilan bog'lanishi mumkin.
Bu loyihalar yaqingacha Rossiyaning Gazprom monopoliyasiga qaram Turkmanistonni dunyoning to'rt burchiga gaz sotayotgan yirik eksportchiga aylantirishi mumkin.
Ammo turkman faollariga ko'ra, mintaqaning eng yopiq davlati iqtisodida, tashqi va ichki siyosatida siljish bo'lmayapti.
Turkman yozuvchisi Ak Velsapar bir necha yildirki, xorijda siyosiy muhojirlikda yashaydi. Yozuvchi 2015-yilda Turkmanistondagi hayot haqida yangi asarini tugatdi. Uning aytishicha, 2015-yil turkmanlar uchun og'ir kechgan. 2017-yilda kutilayotgan Osiyo o'yinlariga tayyorgarlik sabab yuzlab uy-joylar buzib tashlangan, uysiz qolgan aholi orasida norozilik kuchaygan.
“2015-yil Osiyo o'yinlariga tayyorgarlik shiori ostida kechdi deyish mumkin. Ko'p binolar buzildi, ko'plari qurildi, ammo shu bahonada yirik qishloqlar ham buzib tashlandi, odamlar o'z uyidan, uzoq yillar yashab kelgan joyidan ajradi. Bu yil ko'pchilikning yodida shu buzilishlar bilan ham qoladi”, - deydi u.
Turkmaniston ulkan gaz zaxiralariga ega mamlakat, ammo bu zaxiradan olinayotgan daromad xalq farovonligida aks etayotgani kuzatilmaydi.
Ak Velsapar fikrichaTurkmaniston, Afg'oniston, Pokiston va Hindiston rasmiylari ishtirokida tantanali ochilgan yangi loyiha amaliyotini ham samarali bo'lishi qiyin.
“Buning uchun milliardlab pul yotqizilishi mumkin, ammo Afg'onistondagi urushning oxiri ko`rinmaydi. Shunday ekan, bu mamlakat orqali gaz quvurlarini yotqizish xatarli, amalga oshishi qiyin ish”, - deydi u.
Neytrallikning 20 yilligi munosabati bilan Ashgabatda yirik xalqaro konferensiya tashkil qilindi. Unda qatnashgan O'zbekiston Prezidenti Islom Karimov Berdimuhammedovni maqtab, Turkmaniston izolyatsiyada emas, dedi. Aksincha, deydi Karimov, bu davlat xalqaro hamjamiyatga ochilib borayapti.
“2015-yil Turkmaniston tashqi siyosatida biror siljish bo'lgani haqida gapirish mumkin emas, chunki Rossiya Suriyadagi turkmanlarni bombalashda davom etdi, Turkmaniston esa hamon sukutda, bu haqda lom lim demadi. Bundan Suriyadagi, jumladan, xorijdagi turkmanlar ham g'azabda. Turkmaniston birinchilardan bo'lib o'z qardoshlari himoyasi uchun bayonot berishi kerak edi”, - deydi yozuvchi.
Ak Velsapar betaraflik maqomini muhim deb hisoblaydi, ammo Turkmaniston misolida bu pozitsiya faqat rejim foydasiga ishlatilayotgani, mamlakat yopiqligi, inson haqlari toptalishi yuzasidan tanqidlarga, repressiyalarga hukumat neytrallik maqomini ro'kach qilib kelayotganini aytadi.
“Neytralitet yaxshi, albatta, ammo Turkmaniston misolida emas, - deydi u. - Bu maqom ortiga yashiringan rejim aholini oddiy huquqlardan mahrum etib kelayapti, bu borada muzokaralar qilish niyati ham yo'q”.
Turkmaniston avtoritar davlat, mamlakatda mustaqil matbuot ham, muxolifat ham yo'q. Rejim tanqidchilari qamoqda, ularning ayrimlari nom-nishonsiz ketgan. Mamlakatdan haydalgan turkman muxolifati xorijda faoliyat yuritishga mahkum.
Muxolifat faollaridan bo'lgan yozuvchiga ko'ra, bu yil xorijdagi muxolifat uchun samarali bo'lmagan, ammo Turkmaniston ichkarisida norozilik kengayayotgani muxolif faoliyat kuchayishiga umid bermoqda.
“2015-yilda aholida norozilik kuchayishi qayd etildi, bu turmush darajasining tushishi, shuningdek, hukumatda gaz eksportidan kelayotgan avvalgi imkoniyatlari yo'qligi bilan bog'liq. Shunga yarasha yangi yildan turkman muxolifati faoliyatida ham jonlanish kuzatiladi, deb oylayman”, - degan umidda Ak Velsapar.
Joriy yil Turkmaniston uchun xavfsizlik bo'yicha ancha og'ir kechdi. Muxolifatga qarashli axborot nashrlari turkman-afg'on chegarasida jangarilar bilan kuzatilgan to'qnashuvlarda bir guruh turkman harbiylari halok bo'lgani haqida yozdi. Afg'oniston chegarasidagi ahvol Turkmanistonni jiddiy xavotirga solib qo'ydi. Davlat ko'mak so`rab Rossiya, AQSh, Xitoy, jumladan, O'zbekiston bilan ham muzokaralar o'tkazdi.