Turkmaniston hukumati “Turgistan” diktatori haqidagi filmdan norozi, Gollivudda ishlangan bu jangari film namoyishini taqiqlab qo’ygan. Taqiq ortidan mamlakatda “Turkmaniston dushmani bo’lgan Amerika”ga qarshi tashviqot kampaniyasiga zo’r berilmoqda.
Rejissor Maykl Bey tomonidan suratga olingan “6 Underground” filmi to’qima mamlakat bo’lgan Turgistan, uning qonxo’r diktatori Rovach Alimovni yo’q qilishga doir o’tkazilgan maxsus amaliyot asosida qurilgan.
Ssenariyga ko’ra, diktatorni ag’darish, odamlarni zulmdan xalos qilish amaliyoti ortida ma’lum bir davlat emas, milliarder va uning bir guruh ko’ngilli sheriklari turadi. Filmda Turkmaniston so’zi ishlatilmagan, ammo o’xshash sahnalar bor, titrda ayrim voqealar O’zbekiston g’arbida kechayotganiga doir eslatmalar ham mavjud.
O’tgan dekabr oyida ekranga chiqqan bu film Turkmanistonda tezda ommalashgan, hukumat filmni rasman taqiqlashi ortidan uning yashirincha namoyishi avj olgani qayd etiladi.
Turkman hukumatining AQShga qarshi tashviqot kampaniyasi taqiqlarga qaramasdan mamlakatda film ommaviylashishidan so’ng boshlangan.
“Ozodlik” radiosining Turkman xizmati xabar berishicha, mamlakat viloyatlarida o’tkazilayotgan tashviqotlarda “AQSh Turkmanistonning dushmani ekanligi, mamlakatni parchalash, aholi noroziligini qo’zg’ash uchun barcha vositalardan foydalanayotganiga” diqqat qaratilmoqda. Bu tashviqotlarga mahalliy hokimiyat, byudjet tashkilotlari vakillari, shuningdek, yuqori sinf o’quvchilari jalb qilinayotgani aytiladi.
AQShning Turkmanistondagi elchixonasi film munosabati bilan boshlangan aksil-amerika kampaniyasi yuzasidan “Ozodlik” radiosiga izoh ham bergan.
“Mazkur film ko’ngilochar xususiy kompaniya tomonidan suratga olingan badiiy film. AQSh ham, AQShning Ashxoboddagi elchixonasi ham, Turkmaniston bilan mustahkam va samarali munosabatlar tarafdori. Bu yaqinda Vashingtonda o’tgan ikki tomonlama siyosiy maslahatlar, C5+5 muloqot guruhi doirasidagi hamkorlik, ikki mamlakatlar o’rtasida o’sib borayotgan savdo aloqalari, shuningdek, biz hamkorlikda ishlayotgan ta’lim va madaniy sohadagi ko’plab loyihalar bilan ham tasdiqlangan”, - deyiladi AQShning Turkmanistondagi elchixonasi tomonidan bildirilgan munosabatda.
Turkmanistonda taqiqlangan “Turgistan diktatori” haqidagi filmga nisbatan rasmiy e’tirozlar mintaqaning boshqa davlatlarida ham qayd qilinmoqda.
Qozog’istonning Turkiston shahri hokimi Rashid Ayupov film ijodkorlariga nisbatan e’tirozlar bilan chiqqan.
“Bizning fikrimizcha, dunyo bo’ylab bu filmni ko’rgan millionlab tomoshabinlar to’qib chiqarilgan Turgistan mamlakati haqida o’ylashi va bizning shahrimiz haqida salbiy fikrga kelishi mumkin, chunki nomlar juda o’xshash. Bundan tashqari, hozir ko’pchilik bu film aynan Turkiston haqida ishlangan degan fikrda”, - deb yozadi Ayupov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Turkiston hokimining e’tirozi film mohiyatiga emas, asosan “Turgistan” nomi ishlatilishiga qaratilgan.
Turkman hukumati e’tirozlariga nima sababligi noma’lum. Ammo film ssenariysi “Turgistan”ni diktatura zulmidan xalos etishga qaratilgani, Turkmanistondagi aksil-amerika kampaniyasi esa “AQSh mamlakatni parchalash istagidagi asosiy dushman” ekanligi shiori ostida o’tayotgani inobatga olinsa, buning sabablari ancha jiddiy, siyosiy ekanligi ko‘rinadi.
Markaziy Osiyoda Turkmaniston prezidenti mintaqadagi boshqa yetakchilarga qiyoslaganda san’atga, adabiyotga qiziqishi, turli ko’ngilochar dasturlar uyushtirib turishi bilan ajrab turadi.
Qurbonguli Berdimuhammedov nafaqat zamonaviy qo’shiqlar ijrochisi sifatida, balki dorivor giyohlar, tukrmanlar tarixiga doir qator kitoblar muallifi sifatida ham tanilgan.
Bundan tashqari turkman televideniyesida, ijtimoiy tarmoqlarda otlar yoki mashinalar poygasida g’olib chiqqan, harbiy mashg’ulotlarda qatnashib, turli o’qotar qurollardan “dushmanlarni” bexato nishonga olayotgan Berdimuhammedovga doir lavhalarni ko’plab uchratish mumkin.
To’qima voqealarga asoslangan “6 Underground” badiiy filmining mamlakatda bu qadar jiddiy qabul qilinishiga Prezident Berdimuhammedovning qiziqish doirasi ham ta’sir o’tkazgan bo’lishi mumkin degan farazlar bor.
Xalqaro huquq tashkilotlariga, shuningdek, turkman muxolafati faollariga ham tayanilsa, ayni paytda Turkmaniston mintaqadagi eng yopiq, qattiq rejimdagi davlatga aylangan.
Berdimuhammedov mamlakatni 2006-yildan buyon boshqarib keladi. U Turkmanistonning marhum prezidenti, diktator sifatida nom qozongan marhum Saparmurod Niyozov o’rniga hokimiyatga kelgan edi.
Turkman muxolifati faollariga ko’ra, hokimiyatga kelishining dastlabki yillarida mamlakatda demokratik o’zgarishlar qilishga va’da bergan Bedimuhammedov bu va’dalarini tezda unutdi, o’z hokimiyatini, rejimni mustahkamlashga kirishdi.
Berdimuhammedov 15 yildirki hokimiyatda qolmoqda, bir necha bor prezidentlikka qayta saylandi. Uning bu safar ham prezidentlik muddati tugashi ortidan qonuniy tamoyillarga muvofiq o’z vakolatini topshirishi kutilayotgani yo’q, hokimiyatda qolishiga ishoniladi.