Uyg’urlar: Hatto bir-birimizdan gumon qilamiz, Xitoy josusi deb

  • Amerika Ovozi

Xitoyning Shinjon uyg’ur muxtoriyatida elatlararo qonli to’qnashuvga shu kunlarda bir yil to’ldi. Mash’um voqea nafaqat uning shohidi bo’lgan shahar Urumchida, balki dunyoning boshqa burchaklari, xususan Vashingtonda ham xotirlanmoqda.

Xitoy hukumati uyg’ur xalqini ezib, irodasini sindirishga urinmoqda, deydi AQSh poytaxtida namoyish qilgan faollar.

Namoyishchilardan biri - Arofat Dilshod. “1600 dan ziyod odam hayotdan ko’z yumdi. Ana shu insonlar kimningdir aka-ukalari, opa-singillari, farzandlari edi. Ularni aslo esdan chiqarmaslik lozim”, - deydi u.

Xitoy hukumati o’tgan yil iyulida ro’y bergan bu voqeada xorijdagi uyg’urlarni ayblaydi. “O’shalarning ig’vosi”, - deydi rasmiylar. Hukumat hisob-kitobiga ko’ra, o’lganlar soni 200, jarohat olganlar 1700 dan ko’p emas. O’shanda Shinjon poytaxti Urumchida uyg’ur va xitoylar to’qnashgan edi.

Amerikalik tahlilchi Luiza Griv nazarida Xitoy hukumati mojaro haqida haqiqatni yashirmoqda. “Uyg’urlar o’z haq-huquqini talab qilib, tinch namoyishga chiqqan, biroq ayovsiz o’qqa tutilgan. Buni tasdiqlovchi dalillar bor”, - deydi u.

"Xitoy hukumati o’z fuqarolariga o’tkazgan zulmini yashirib kelmoqda”, - deydi Luiza Griv.

Biroq rasmiylar mojaroni separatist kuchlarning provokatsiyasi, ular davlatni parchalab tashlamoqchi deb hisoblaydi. Uyg’ur huquq faollari esa hukumatdan mustaqil, adolatli tergov o’tkazishni talab qilib keladi.

Vashingtondagi uyg’ur namoyandalar bir yil oldingi qo’zg’olon haqida hisobot chop etgan. Unda qayd etilishicha, Xitoy armiyasi tinch namoyishlarni qurol bilan bostirgan. Shinjonda internetga va xalqaro telefon liniyalariga to’siqlar qo’yilgan. Hukumat yuzlab odamlarni qamoqqa olib, o’nlab nafarini o’limga mahkum etgan.

Neft va gazga boy Shinjon muxtoriyati Xitoy uchun strategik region, daromad manbai sanaladi.

Hukumat har bir elatning huquqi birday e’zozlanadi desa-da, uyg’urlar ularga qarshi iqtisodiy, madaniy bosimdan shikoyat qiladi. Deylik, Shinjondagi maktablarda uyg’ur tilida dars o’tish taqiqlangan. Uyg’ur tarixi va madaniyati haqida yuzlab kitoblar man qilinib, yoqib yuborilgan.

Uyg’ur olimi Ilhom To’xtaning aytishicha, uning xalqi hukumat, armiya, politsiya va umuman xitoylarga ishonmaydi. “Hatto bir-birimizdan gumon qilamiz, hukumatning josusi deb”, - deydi u.

Xitoy matbuotida shu kunlarda Shinjondagi farovon hayot haqida dasturlar bot-bot efirga uzatilmoqda. Biroq o’tgan yilgi isyon va uning sabablari haqida lom-mim deyilmaydi.