Avstraliyada joylashgan Strategik siyosat instituti (SSI) hamda mustaqil tadqiqotchi Adrian Zenz Xitoyning uyg’urlarga nisbatan siyosati, Shinjon avtonom viloyatidagi ahvol haqidagi izlanish va maqolalari bilan tanilgan. Pekin ularni “Xitoy haqida yolg’on ma’lumot tarqatganlik” va tuhmatda ayblab, sudga arz qilishini bildirmoqda.
“Nazarimda, tadqiqotlarimiz Xitoy Kommunistik partiyasini xavotirga solyapti”, - deydi SSI ijrochi direktori Piter Jennings.
Uning aytishicha, institut tahlilnomalari Xitoydagi tasdiqlangan manbalar asosida tayyorlanadi.
“Kommunistik partiyaning qilmishlari fosh etilishini to’xtatish uchun SSI va dunyo bo’ylab tadqiqotchilarga bosim o’tkazishga harakat qilishmoqda”, - deydi institut rahbari.
Xitoy hukumati so’zlovchisi Jao Lijianning da’vo qilishicha, “Xitoy va xorijiy OAV Adrian Zenz va SSI ortida kimlar turganini bir necha bor fosh qilgan”.
So’nggi yillarda SSI va Zenz chop etgan qator maqolalarda, xususan, uyg’urlar Xitoy tomonidan kuzatuvga olingani, hibslar, majburiy mehnat va uyg’ur ayollar sterilizatsiya qilinayotgani yoritilgan. BMT ma’lumotlariga ko’ra, bir milliondan oshiq uyg’ur va boshqa musulmonlar Xitoy tashkil etgan "qayta tarbiyalash" lagerlarida saqlanmoqda.
Majburiy mehnat
Strategik siyosat institutining “Sotuvga qo’yilgan uyg’urlar” nomli maqolasida yozilishicha, Xitoy hukumati 80 mingdan oshiq uyg’urni yoppasiga mamlakat bo’ylab fabrikalarga, majburiy mehnatdan dalolat beruvchi sharoitlarda ishlash uchun jo’natgan. Bu fabrikalar 83 ta global kompaniyaga mahsulot yetkazishi qayd etiladi.
Bir guruh AQSh qonunchilari yaqinda Uyg’urlarni majburiy mehnatdan himoya qilish to’g’risidagi qonun loyihasini olg’a surayotib, SSI maqolasini tilga olishdi. Bundan tashqari, AQSh Davlat departamenti hamda Moliya, Tijorat va Ichki xavfsizlik vazirliklari bizneslarni Shinjon va Xitoyning boshqa hududlarida majburiy mehnatga aloqador ta’minot tizimlaridan foydalanmaslik haqida ogohlantirdi.
Buni ham ko'ring Tramp uyg'urlarni himoya qiluvchi qonunga imzo chekdiXitoyning etnik siyosati bo’yicha mustaqil tadqiqotchi, germaniyalik antropolog Adrian Zenzning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Shinjonda uyg’ur ayollar sterilizatsiya qilinayotgani haqidagi oxirgi maqolasi dunyo bo’ylab aks-sado bergan. “Vashington Post” nashri Xitoyning Shinjondagi siyosatini uyg’urlar sonini kamaytirishga qaratilgan “demografik genotsid” deb atadi.
“Tadqiqotlarim Xitoyning o’z hujjatlarini tahlil qilishga asoslangan. Shinjonda olib borilayotgan siyosat genotsidga tenglashtirilyapti. Pekin bosimni his qilmoqda”, - deydi Zenz.
Chet eldagi ekspertlarning ovozini o'chirish kampaniyasi
Ayrim ekspertlar fikriga ko’ra, Xitoyning SSI va Adrian Zenzga qarshi tahdidi kommunistik hukumatning xorijdagi mutaxassislarning ovozini o’chirishga qaratilgan navbatdagi urinishidir.
Avstraliya Milliy universitetida Shinjon tarixi bo’yicha ekspert Maykl Klarkning qayd etishicha, Pekin anchadan buyon har ikkisini noxolis deya tamg’alashga harakat qilmoqda.
Buni ham ko'ring Uyg'ur erkinlik harakatidan maqsad nima?“Xitoy Zenzning diniy e’tiqodiga hujum qilish, uni Amerikadagi o’ngchi siyosatchilar va mafkura bilan bog’lashga urinish orqali uning xolisligiga soya solmoqchii”, - deydi Klark.
SSIni esa Pekin Avstraliya Mudofaa vazirligining ovozi, deya ta’riflaydi.
“Bu haqiqat bo’lsa-da [SSI Avstraliya Mudofaa vazirligidan katta mablag’ oladi], institut maqolalari asossiz emas”, - deydi suhbatdosh.
AQShdagi Jorj Vashington universitetida huquqshunos Donald Klark fikricha, Xitoy sudlashish yo’lini tanlab, “ayblanuvchini bankrot qilishga” urinmoqda.
“Bunday qo’rqitish quroli qanchalik samarali bo’lishi G’arb mamlakatlarining o’ziga bog’liq, chunki bu mamlakatlarning o’zidagi huquqiy organlar ishga solinyapti”, - deydi Klark.
“Sud jarayoni jamoatchilik e'tiborini jalb qiladi. Uyg’urlar hibsda saqlanayotgani to’g’risidagi da’volar yolg’on emasligi haqida rasmiy hukm chiqadi. Xitoyga shu kerakmi?”