Breaking News

Shinjondagi majburiy mehnatdan kiyim-kechak kompaniyalari bezovta


Shinjon-uyg'ur muxtoriyati, Xitoy
Shinjon-uyg'ur muxtoriyati, Xitoy

Xitoyning Shinjon-uyg'ur muxtoriyatida majburiy mehnat keng ekan, yirik xalqaro kompaniyalar bu mamlakatda chiqarayotgan mahsulotlari undan xoli ekaniga ishonch hosil qilishga urinmoqda.

"Adidas", "H&M", "Tommy Hilfiger", "Abercrombie and Fitch", "The North Face" kabi kompaniyalari sotadigan kiyim-kechak aynan shunday mehnat samarasi bo'lishi mumkin, deyiladi AQSh Kongressiga berilgan hisobotda.

Bu kompaniyalar vakillarining "Amerika Ovozi"ga aytishicha, ayni damda izchil tekshiruv ketmoqda.

"2019-yilning bahoridan beri tekshirayapmiz. Bu borada xabar topishimiz bilan kirishganmiz", deydi Rich Efrus, "Adidas" rasmiysi.

Bu firma aynan Shinjondan keladigan tola asosida ishlangan mahsulotlar ishlab chiqaradi. Shinjonda esa 13 millionda oshiq uyg'ur yashaydi. Bu hudud Xitoy paxtasining 84 foizini yetishtiradi. Xitoy paxta mahsulotlari esa jahonda bunday tovarlarning 22 foiziga yaqinini tashkil qiladi.

Shinjonda mehnat lageri deb qaralayotgan inshootlardan biri
Shinjonda mehnat lageri deb qaralayotgan inshootlardan biri

Shvetsiyaning "Hennes & Mauritz AB" kompaniyasi esa Shinjonda majburiy mehnatni qoralab, o'z mahsulotlari bunday yo'l bilan yaratilmasligini da'vo qilmoqda.

"The North Face" ham birorta mahsuloti insonlarni xo'rlash natijasida ishlab chiqarilmaganiga ishonch hosil qilish uchun barcha choralarni ko'rayotganini bildiradi.

2017-yildan beri Xitoy hukumati Shinjonda 1 milliondan oshiq uyg'urni mehnat lagerlariga tashlagan, deydi xalqaro huquq tashkilotlari.

Avstraliyada asoslangan tahlil markazi to'plagan ma'lumotlarga ko'ra, kamida 80 ming uyg'ur hukumatni tanqid qilgani bois Xitoyning boshqa hududlariga majburiy mehnat uchun yuborilgan.

Pekin bu ma'lumotlarni yolg'on va tuhmat deb hisoblaydi. Keng mamlakatda odamlar turli hududlarda ishga borishi tabiiy, hech kim zo'rlanmaydi, deydi rasmiylar.

Yaqinlari majburiy mehnat lagerlarida ishlatilayotganini aytayotgan uyg'urlar
Yaqinlari majburiy mehnat lagerlarida ishlatilayotganini aytayotgan uyg'urlar

Kongressda ayni damda yangi qonun loyihasi muhokamada. Qabul qilinsa, har bir kompaniya Xitoyda ishlab chiqarayotgan mahsuloti majburiy mehnat mahsuli emasligini isbotlashi shart bo'ladi.

Inson huquqlari bo'yicha "Human Rights Watch"ning Xitoydagi vaziyatni o'rganuvchi eksperti Sofi Richardson nazarida, bu loyiha tezlikda ovozdan o'tib, qonunga aylanishi lozim.

Koronavirus pandemiyasi davrida va undan keyingi qiyin iqtisodiy vaziyatda G'arb xususiy sektor nazoratini bo'shashtirishi mumkin, lekin majburiy mehnatdek qabih illat hech kimning farovonligi va manfaati uchun xizmat qilmaydi, deydi huquq himoyachilari.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG