Uyg’urlar - turkiy va musulmon elat. Dunyo bo’ylab 20 milliondan oshadi deya taxmin qilinadi. 10 milliondan ziyodi Xitoyning Shinjon uyg’ur muxtoriyatida yashaydi. Markaziy Osiyoda eng ko’p uyg’ur Qozog’istonda, chorak millionga yaqin. Qirg’iziston va O’zbekistonda taqriban 100 mingni tashkil etadi. Umuman olganda, bugun uyg’urlar qadami yetmagan joy yo’q – Avstraliyadan tortib, AQSh va Kanada, Yevropa mamlakatlari va hatto okeanlardagi Palau singari kichik orol-davlatlarda ham uyg’urlar yashayotganiga guvohmiz.
Your browser doesn’t support HTML5
Your browser doesn’t support HTML5
Uyg’urlar qayerda yashamasin, vatansiz, davlatsiz xalq degan ta’rifni eshitadi. Jahon uyg’urlari kongressi, Germaniya va Amerikadan turib yuritiladigan tashkilot ta’biricha, bugun uyg’urlar uchun Xitoydek qudratli kuch hamlasidan tirik qolish, bu xalq dardini jahon ommasiga olib chiqish, G’arb ko’magi bilan bu elatni saqlab qolish – eng asosiy vazifa. Uyg’ur-Amerika uyushmasi va Jahon uyg’urlari kongressi shu bois siyosiy-information targ’ibotga zo’r bermoqda.
Lekin ayrim uyg’urlar fikricha, xalq madaniyati va ma’rifati hamda uning tirikchiligiga e’tiborni pasaytirish uzoq muddatda qimmatga tushishi muqarrar.
Qirg’izistonda ko’zga ko’ringan arboblardan biri, tijoratchi va sobiq deputat Nur Muhammad Qoraxon shulardan biri. Qirg’iziston uyg’ur ittifoqining sobiq rahbari, shuningdek, Markaziy Osiyo uyg’urlari uyushmasining sobiq vitse-prezidenti.
Nur Muhammad Qoraxon o'zining 2013-yilda Bishkekda uch tilda nashrdan chiqqan kitobida jamoaning iqtisodiy taraqqiyoti, yashayotgan jamiyatdagi o’rni, madaniy tushuncha va mafkurasi, birdamlikka yetaklovchi axborot vositalari, ilm va kasbli bo’lish ahamiyati hamda siyosiy nufuzni oshirish uchun muhim bo’lgan boshqa ko’plab omillar haqida yozadi. Kitob “Men uyg’ur” deb nomlangan. Birinchi nashri 2009-yilda chiqqan.
Markaziy Osiyo davlatlari yuzlashayotgan siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni tahlil qilar ekan, Qoraxon uyg’urlar oldida tobora murakkab masalalar turganini tan oladi. Xitoy hozirda mintaqada ulkan ta’sir kuchiga ega va eng katta sarmoyador. Respublikalar u bilan hamkorlikni kengaytirar ekan, uyg’urlar uchun tarixiy vatan – Sharqiy Turkiston deb ataluvchi o’lka, bugungi Shinjon uyg’ur muxtoriyati xususida og’iz ochish juda qiyin.
Eng avvalo, deydi u, xalq ma’rifatini oshirish kerak. Uyg’urlar qayerda yashamasin, ular salohiyatli, bilim va hunarli insonlar bo’lishi uchun harakat qilmoq zarur. 1990-yillarda Qirg’iziston parlamenti a’zosi sifatida Nur Muhammad Qoraxon xorijga chiqqanida, xususan Amerika va Yevropa Ittifoqiga borganida uyg’urlarning siyosiy xohishlari haqida ko’p so’zlagan. Xitoyning rasmiy bosim va tazyiqlaridan azob chekkan.
Uyg’ur namoyanda sifatida uning bugungi xulosasi shuki, erkinlik talab qilish uchun erkinlik nima ekanini tushunib yetish lozim. Uyg’urlar o'zaro erkin muomala qila olishi, bir yoqadan bosh chiqara olishi lozim. Hamjihatlik yetishmaydi, deya tanqid qiladi u, “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.
“Men uyg’ur” kitobi Qirg’izistonda uyg’ur yetakchilari qarshiligiga uchragan. Chunki unda mahalliy uyg’urlar orasidagi nifoqlar yoritiladi. Asar G’arbdagi uyg’ur liderlariga ham ma’qul emas, chunki unda siyosiy emas, ijtimoiy-madaniy vazifalar asosiy o’ringa qo’yilishi kerak, deyiladi.
“Kitob – mening dardim, bir uyg’urning dardi”,- deydi Nur Muhammad Qoraxon. Maqsad biror tomonni qoralash, kim haq yoki nohaqligini aniqlash emas.
Har bir uyg'ur o’z ravnaqi uchun javobgar, har bir uyg’ur o’z manfaatini ko’zlab ish tutishi lozim - kuch xalqqa aylanish uchun bu juda zarur, deydi u.
Nur Muhammad Qoraxon dunyoning turli chekkalarida yashayotgan, oilasini boqib, farzandlarini tarbiyalab, bilimli-kasbli qilish dardida yurgan uyg’urlar u nima deyayotganini tushunadi degan umidda.
"Men uyg'urman" kitobini o'qishga qiziqqanlar muallif bilan "Facebook" orqali bog'lanishi mumkin.