AQSh Kongressi: Ukraina xalqi vatanni himoya qilishga shay

  • Amerika Ovozi

Kiyevda Rossiyaga qarshi o'tkazilgan namoyishda Vadimir Putin Adolf Gitler qiyofasida ko'rsatildi, 23-mart, 2014-yil.

Kiyevga borgan AQSh Kongressi delegatsiyasining ma’lum qilishicha, ukrainaliklar Rossiyaga bir qarich ham yer bermaslik uchun kurashishga tayyor ekanini aytgan.

Ikki senator va Vakillar palatasining bir a’zosidan iborat guruh jurnalistlarga bergan ma’lumotda G’arb hamjamiyati bilan birgalikda olib borilayotgan jazo choralari ish berib, Rossiya noto’g’ri yo’lidan qaytishiga umid qilinayotgani aytiladi.

Agar bunday bo'lmasa, oqibati Rossiya uchun yomon bo'ladi, deya ogohlantiradi Massachusets shtatidan demokrat kongresmen Stiven Linch.

“Hozircha ular Qrimni egallab oldi. Ertaga sharqiy Ukrainani bosib olishni ko’zlayotgan bo’lishi mumkin. Ammo bu kurash qisqa bo’lmaydi. Urush uzoq davom etadi va unda NATOdagi hamkorlarimiz hamda demokratiyani sevuvchi davlatlar Ukraina bilann yelkama-yelka turadi”, - deydi kongressmen Linch.

Senatning Qurolli xizmatlar qo'mitasidan Kelli Ayotning ta'kidlashicha, agar Rossiya Ukrainaning qolgan hududlariga bostirib kirsa, AQSh va NATO Kiyevga yordam qo’lini cho’zadi.

Agar Rossiya va Ukraina o’rtasida urush kelib chiqadigan bo’lsa, buning javobgarligi to’liq prezident Vladimir Putin gardaniga tushadi, deydi Indianadan demokrat senator Jo Donelli.

“Qrimdaka bo’lmaydi, - deydi u, – ko’p odam qurbon beriladi. Ko’plab yosh rus yigitlari o’lib ketadi. Putin ularning ota-onalari ko’ziga qarab, o’g’il va qizlari boshqa davlatni bosib olish paytida nimaga o’lganini tushuntirishga majbur bo'ladi”.

Asrlar davomida o'xshash madaniyat va tilga ega bo'lgan ikki qo’shni xalqning ixtilofga kirishi ko’plab do’st-birodarlar va oilalar orasiga nifoq soldi.

Otasi rus, onasi esa ukrain bo’lgan Jenya Kuzmenkoning xavotirlari, ayniqsa, yanada oshgan.

“Ota-onam Rossiya chegarasidan 70 kilometr uzoqlikda yashaydi. Kun kelib ularning birdaniga boshqa davlat tarkibiga o’tib ketishini istamayman. Biz mustaqil bo’lishimiz kerak. Rossiya tutayotgan yo’ldan norozimiz”, - deydi u.

Ukrainada Jenya kabi fikrlaydiganlar ko'p. Oddiy fuqarolar orasida qo'liga qurol olib Rossiya kuchlarini Ukraina hududidan surib chiqarishga da'vat etayotganlar ham oz emas.