Vashingtonda Xalqaro valyuta jamg'armasi va Jahon bankining yillik qo'shma majlisi ish boshladi. Ukraina rasmiylari har ikki tomon bilan gaplashib, 17 milliard dollarlik kredit shartlariga tuzatish kiritmoqchi. Kiyev urushga ishora qilib, armiyani qurollantirish va jihozlash kerak, deydi. Biroq ayrim kuzatuvchilar nazarida kredit shartlari Ukraina iqtisodiyotiga og'ir tushib, uni vayron qilishi mumkin.
Sovet Ittifoqi qulab Ukraina mustaqil bo'lganidan beri u boshqa respublikalarga qaraganda eng yomon iqtisodiy ko'rsatkichlar namoyish etib keldi. Mamlakat sharqidagi hozirgi mojaro esa uni iqtisodiy vayronaga yanada yaqinlashtirmoqda.
Jahon banki hisobiga ko'ra Ukraina iqtisodiyoti bu yili sakkiz foizga qisqarishi kutilmoqda. Kiyevlik iqtisodchi Oleg Soskinning aytishicha, bu eng optimistik bashorat.
"Bizning hisobimizga ko'ra, Ukraina yalpi ichki mahsuloti 15 foizga tushadi. Shuni nazarda tutish kerakki, u ikki hududidan ayrildi - Qrim va Sevastopoldan. Yana ikki viloyatda - Donetsk va Luganskda esa hayot butunlay alg'ov-dalg'ov", - deydi ekspert.
Sharqda mojaro boshlanmasidan oldin Donetsk viloyati har oy bir yarim milliard dollarlik mahsulotni eksport qilardi, deydi gubernator Sergey Taruta.
"Bugun isyonchilar nazorati ostidagi kompaniyalarning aksariyati ishlamayapti, ko'mir, metal, kimyo, mashinasozlik sohalarida ishlab chiqarish to'xtagan. Natijada eksport 50 foizga qisqardi", - deydi viloyat hokimi.
Aprel oyida Ukraina Xalqaro valyuta jamg'armasi bilan 17 milliard dollarlik kredit bo'yicha bitim imzoladi. Mamlakat bosh vaziri iqtisodiyotni jonlantirish uchun ko'proq pul kerak, deydi. Biroq hadeb qarz olgan bilan muammo hal bo'lmaydi, deydi iqtisodchi Soskin.
"Xalqaro valyuta jamg'armasi doim pulini foizi bilan qaytib oladi. Shunga Ukrainaga "pulni qanday qilib qaytarasizlar" deya aniq shartlar qo'yishgan", - deydi Soskin.
Tashkilot talablariga ko'ra, Ukraina xarajatlarini kamaytirib, tejamli bo'lishi, aholi uchun gaz narxi va soliqlarni oshirishi, maoshlarni esa qisqartirishi kerak. Mahalliy ekspert bu shartlarni tanqid qiladi.
Biroq busiz Ukrainani yangilay olmaymiz, deydi Donetsk viloyat gubernatori Sergey Taruta.
"Islohotlar bizni hozirgi abgor ahvoldan chiqishimizga yordam beradi. Jamiyat yagona maqsad yo'lida birlashgan: siyosiy va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirib, iqtisodiyotni tez oyoqqa turg'izish", - deydi Taruta.
Ukraina Milliy banki mahalliy pul birligi grivna kursini erkin qilib qo'ygan. Natijada u 40 foizdan ko'p qadrsizlandi. Buning ijobiy tomoni shuki, ukrain eksporti arzonlashdi va tovarni chetga sotish osonlashdi. Ammo bu mahsulotlar uchun bozorlar topish kerak.
Rossiyaga an'anaviy iqtisodiy tobelikdan qutulish Ukraina uchun foydali bo'ladi, deydi Oleg Soskin.
"Tovarlarimizni Yevropa Ittifoqi, Osiyo, Afrika va boshqa mintaqalarga eksport qila boshlayapmiz, daromad ko'ryapmiz. Rossiya nefti va gaziga tobelikni kamaytiryapmiz", - deydi u.
Kunlar sovigan sari Rossiyaga gaz uchun besh milliard dollar qarz Ukraina qishni qanday o'tkazishi ma'lum emas. Yevropa mutasaddilari vaqtincha kelishuvga umid qilmoqda. Tomonlar shu oy muzokara qilishi kutilmoqda.