26-oktabr kuni Ukrainada parlament saylovlari bo’lib o’tadi. Bir yil oldin boshlangan inqilobning so’nggi siyosiy bosqichi. Saylov Ukrainani uzoq kutilgan islohotlarga biroz yaqinlashtiradi, ammo bugungi muammolar hal bo’lib qolmaydi.
O’tgan yili Ukrainada prezident Viktor Yanukovichni hokimiyatdan ag’dargan namoyishchilar bir qator talablar qo’ygan edi. G’arbiy Yevropa bilan yaqinlashuv. Korrupsiyaga chek qo’yish hamda ochiq va adolatli bir jamiyat qurish.
Joriy yilning may oyida biznesmen Petro Poroshenko prezidentlikka saylanib, o’sha talablarni bajarishga so’z berdi. Ammo eski parlament islohotlar yo’liga to’siq qo’ydi. Qonunchilar Yevropa bilan integratsiyalashish taklifini yoqlagan bo’lsa, poraxo’rlikka qarshi kurash bobida biror siljish kuzatilmayapti.
Natijada Poroshenko parlament saylovlarini ertaroq o’tkazishga qaror qildi. Uning partiyasi aksar o’rinlarni qo’lga kiritib, reformaga xayrixoh boshqa guruhlar bilan hukumat tuzishilishi kutilmoqda.
"Vatanparvarlik ruhi bilan yo’g’rilgan, murosaga moyil yangicha parlament shakllanadi. Lekin bu hali islohotlar bo’lishidan darak emas”, - deydi Ukraina inqirozi haqida yangi kitob muallifi Endryu Vilson.
Uning fikricha, deputatlarning aksariyati har holda lavozimini saqlab qoladi, lekin qonunchilik organiga 50 nafarcha yangi a’zolar saylansa siyosiy dinamika o’zgarishi mumkin.
Nomzodlardan biri Taraz Vozniak Lvov shahridan. “Avvalo Ukraina qanday davlat bo’lishi kerakligini aniqlab olaylik. Ana undan keyin islohotlar haqida gaplashamiz”, - deydi u.
Ukraina, uning nazarida, yangi davrga qadam qo’ymoqda. Rahbarlardan mo’jiza kutadigan vaqtlar o’tib ketdi.
“Prezident Poroshenkoni hech kim ko’klarga ko’tarayotgani yo’q. Odamlar uning ishiga qarab, va’dalarini bajarayotganiga qarab baho beradi. Hukumat va xalq o’rtasida ana shunday ijtimoiy kelishuv bo’lgani yaxshi”, - deydi deputatlikka nomzod.
Prezident va yangi parlament oldida muammolar mo’l. Rossiya Donetsk mintaqasida separatistlarni quvvatlashda davom etayotgani shuning bir bo’lagi xolos. Sharqda yashovchi ukrainaliklar yakshanba kuni ovoz bermaydi. Bu yerda bir necha kundan so’ng alohida saylov o’tkazish rejalangan. Kiyev nazarida bu qonunga xilof.
“Xulosa shuki”, deydi tahlilchi Endryu Vilson, “Rossiya qanchalik tanqid qilinmasin, baribir o’zi bilganidan qolmaydi. Siyosiy, harbiy va iqtisodiy yo’llar bilan Donbass mintaqasini alohida davlatga aylantirishni istaydi”.
Ayni paytda sharqda to’qnashuvlar davom etayapti, lekin mamlakatning boshqa qismlari tinch. Ukrainlar har kungi hayot tashvishlari bilan band.