Ukraina saylovlarida partiyalar ortiq hal qiluvchi kuch emas

  • Amerika Ovozi

Mahalliy saylov komissiyasi byulletenlarni hisoblamoqda, Kiyev shahri, Ukraina, 28-oktabr, 2012-yil.

Ukrainada yakshanba kungi parlament saylovlarida ustun kelgan hukmron partiyaning g’alabasi shubha ostiga qo’yilmoqda. Xalqaro va mahalliy kuzatuvchilar nazarida prezident Viktor Yanukovichning Regionlar partiyasi ovozlarni soxtalashtirish orqali g’alabaga erishgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Kundalik Eshittirish, 30-oktabr, 2012-yil


Shu paytga qadar saylov byulletenlarining 70 foizi hisoblab bo’lingan. Hukmron partiya hisobida 34 foiz, asosiy muxolif partiya “Batkivshina” hisobida esa 23 foiz ovoz bor.

Guruhning qamoqdagi rahbari, sobiq bosh vazira Yuliya Timoshenko saylovlarga nisbatan noroziligini ochlik orqali bildirmoqchi.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti kuzatuvchilari missiyasi koordinatori Valburga Xabsburg Duglasning aytishicha, saylovlarda ma’muriy resurslar suiiste’mol qilingan.

"Ukraina demokratiyadan chekinayotgan ko’rinadi", - deydi u.

Duglasga ko’ra, hukmron partiya o’z saylov kampaniyasi uchun davlat pulini ishlatgan, axborot oqimini nazorat qilgan.

"Ish beruvchilar va davlat idoralari saylovchilarga bosim qo’yishi to’g’ri emas", - deydi Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining kuzatuvchilar missiyasi vakili.

Qo’shma Shtatlar ham saylovlarni tanqid qilgan. Ukraina Bosh vaziri Mikola Azarov nazarida esa jarayon kuzatuvchilar olqishiga sazovor bo’lgan.

"Turli missiyalardan bayonotlar oldik. Hammasi ijobiy", - deydi u.

Hisoblarga ko’ra, Kommunistik partiya 15 foiz olib, uchinchi o’rinni egallagan. Kommunistlar parlamentda Yanukovichning Regionlar partiyasi bilan hamkorlikda ishlaydi.

Muxolif guruhlar ham bo’sh kelmayapti. Professional boks bo’yicha jahon chempioni Vitaliy Klichko tuzgan “Udar”, ya’ni “Zarba” partiyasi 13 foiz ovoz to’plagan. Biroq, deydi u, partiyalar saylovda ortiq hal qiluvchi kuch emas.

"Muxolif partiyalar olgan ovozlarni jamlaydigan bo’lsak, 50 foizdan ko’p chiqyapti. Ammo saylovlar haqidagi yangi qonunga ko’ra, buning o’zi kifoya bo’lmasligi mumkin. Chunki muxolif qarashlarga ega va mustaqil ravishda saylanayotgan nomzodlardan qanchasining parlamentga kirishi ma’lum emas. Ovozlar soxtalashtirilib, hukumatga moyil nomzodlar yutib chiqish ehtimoli bor", - deydi Klichko.

Oliy Radadagi 450 o’rinning yarmi partiyalarga, qolgani esa mustaqil nomzodlarga ajratilgan.