Ukrainada janglar avj oldi, AQSh Rossiyaga qarshi chora izlayapti

  • Amerika Ovozi

Donetsk, 4-iyun, 2015-yil.

AQSh mudofaa rasmiylari va diplomatlar bugun Germaniyada ko'rishib, Rossiyaning Ukrainadagi faoliyatiga qarshi choralarni muhokama qilayapti. Ukraina sharqida armiya va Rossiya qo'llab-quvvatlovini olgan isyonchilar o'rtasida olishuvlar kuchaygani haqida xabarlar bor.

AQShning Yevropadagi qo'mondonligi qarorgohida Mudofaa vaziri Ashton Karter generallar va elchilar bilan ko'rishadi. Ular Yevropa va AQShning Rossiyaga qo'ygan iqtisodiy sanksiyalar qanchalik ish berayotgani, NATOning Rossiyaning Ukrainadagi xatti-harakatlariga qarshi strategiyasini muhokama qiladi.

Ashton Karter shu oy oxirida NATO vazirlarining majlisida birinchi bor ishtirok etishi kutilar ekan, vazir imkon qadar to'liq ma'lumotga ega bo'lmoqchi, deydi Pentagon matbuot kotibi Brent Kolbern. Diqqat markazidagi masalalardan biri - Rossiyaning qariyb ikki yil davomidagi faoliyati, xususan, Ukrainadagi harakatlari, deydi Kolbern.

Payshanba kuni Ukraina Prezidenti Petro Poroshenko Rossiyaning keng ko'lamli bosqini haqida ogohlantirdi. Uning aytishicha, hozirning o'zida rossiyalik to'qqiz ming askar Ukraina sharqida jang qilayapti.

Sharqiy viloyatlarda shu hafta janglar avj oldi. 18 kishi nobud bo'lgani haqida xabarlar bor. BMT Xavfsizlik Kengashi vaziyatni muhokama qilish uchun bugun favqulodda majlisga yig'iladi.

Ukrainada isyonchilar Kiyevga qarshi bosh ko'targanidan beri, o'tgan yilning aprelidan buyon 6400 dan ziyod odam halok bo'lgan.