Ukraina Isroildan rus bosqinini qoralashni talab qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Isroil Tashqi ishlar vaziri Eli Koen shu hafta Ukrainaga borishi kutilarkan, Kiyev yahudiy davlatidan Rossiya bosqinini ochiq qoralashni, ukrainalik yarador harbiylarni Isroilda davolashni, 500 million dollarga teng kredit berishni talab qilmoqda. Aks holda, deydi ayrim ukrainalik rasmiylar, Prezident Vladimir Zelenskiy Koen bilan uchrashmaydi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 6-fevral, 2023-yil

Isroil Ukrainaga qurol berishdan bosh tortib kelmoqda, ammo 17 ta yuqori quvvatli generator, dala gospitalini yuborishga, qo’shni Moldovada qochqinlar markazlarini tashkil etishga rozi bo’ldi.

“Odatda 140 mamlakatga yordam ko’rsatuvchi Isroil barcha yordamini Ukrainaga qaratib qo’ydi. Xalqaro taraqqiyot, hamkorlik va yordam uchun ajratiladigan byudjet pulidan uch karra ko’p ajratildi”, - deydi Isroil Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Simona Xalperin.

Ukraina gumanitar yordamni olqishlayapti, ammo Isroildan raketa hujumiga qarshi texnologiyani berishni talab qilmoqda.

“Dushmanni bint va antibiotiklar bilan yenga olmaymiz. Odamlar hayotini saqlab qolish uchun mudofaa vositalari kerak bizga. Hukumatimiz va prezidentimiz Isroilning hozirgi pozitsiyasidan norozi. Ushbu pozitsiya o’zgarishiga, Isroil tarixning to’g’ri tarafida bo’lishiga umid qilaman”, - deydi Ukrainaning Isroildagi elchisi Yevgeniy Korniychuk.

Rossiya bilan yaxshi aloqalarda bo’lgan Isroil Kreml bilan munosabatlarni buzmaslik uchun Ukrainaga harbiy texnika yuborishdan bosh tortgan. Isroil qo’shni Suriyada Eronning Hizbullohga jo’natilayotgan qurollarini havodan nishonga olib turarkan, Rossiya bilan aloqalarga putur yetsa, Moskva Suriya havo sarhadlarini Isroil samolyotlariga yopib qo’yishidan xavotirda.

“Bosh vazir Netanyahu Putin bilan yaxshi aloqada, o’tmishda Suriya mojarosiga yakun yasash tarafdori bo’lgan, ammo shu bilan birga, Netanyahu Bayden ma’muriyatidan Eron va Saudiya Arabistoni bo’yicha yordam olishni istasa, ukrain tangasi bilan to’lay boshlashi kerak”, - deydi Garvard universiteti siyosatshunosi Amos Yadlin.

Yaqin kunlarda Isroilga Ukraina prezidentining rafiqasi borishi kutilmoqda. Olena Zelenskaya Isroilda psixologik va ruhiy jarohat qurbonlari uchun mavjud salomatlik dasturlari qanday ishlashini o’rganmoqchi.