Ukraina kelasi yillar ichida mudofaa byudjetini uch milliard dollarga oshiradi. Mustaqillik kuni munosabati bilan Kiyevda tantanali parad bo’lib o’tdi. Donetsk shahrida esa bo’lginchilar harbiy mahbuslarni, urush asirlarini ommaga ko’z-ko’z qildi.
Your browser doesn’t support HTML5
Prezident Petro Poroshenko mudofaa xarajatlari oshishini e’lon qilar ekan, separatizm tahdididan hali-beri qutula olmaymiz va mamlakat o’zini himoya qilishga shay turishi kerak, dedi.
Uning aytishicha, bo’lginchilarga qarshi kurash davom etadi. Harbiy modernizatsiya dasturi 2015-2017 yillarga mo’ljallangan.
Donetsk shahri markazida esa o’nlab ukrain mahbuslari namoyishkorona ko’chalardan olib o’tildi. Paradga yig’ilgan olomon “fashistlar”, “tiz cho’kinglar” deya ularga qarata buyumlar otgan.
Ukraina Mudofaa vazirligi bo’lginchilar harbiy asirlarni ko’z-ko’z qilganini qoralagan.
AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Ukrainani mustaqillikning 23 yilligi bilan qutladi. Yevropa Ittifoqi safidan joy olib, demokratik va farovon jamiyat qurish tomon sa’y-harakatingizni qo’llab-quvvatlaymiz, deydi u.
Kiyevga tashrif buyurgan Germaniya kansleri Angela Merkel tomonlarni sulhga erishib, Rossiya-Ukraina chegarasida kuchli nazorat o’rnatishga chaqirmoqda. Aks holda, tinchlik qaror topmaydi, deydi u.
Germaniya urush natijasida vayronaga aylangan Lugansk va Donetsk shaharlarini qayta qurish uchun 660 million dollar va’da qilgan.
Bu orada, Rossiyaning Ukrainaga ruxsatsiz kirgan gumanitar karvoni Luganskda to’xtab, so’ngra ortga qaytgan. Xalqaro kuzatuvchilar jami 227 yuk mashinasi chegarani kesib, Rossiya hududiga kirganini tasqidlamoqda.
Ukrainaning aksil-terror operatsiyalari bo’yicha mas’ul rasmiysi Oleksiy Dmitrachkovskiyning da’vo qilishicha, Kreml bo’lginchilarga o’q-dori yetkazgan.
“Ularning yana bir maqsadi o’lgan rus jangchilarini olib ketish va ularning izini yo’qotish edi”, - deydi rasmiy.
Kiyev va G’arb davlatlari Kremlni bosqin va provokatsiyada ayblay ketdi. Xalqaro Qizil Xoch qo’mitasi mashinalar tekshiruvdan o’tmagani uchun ularga hamrohlik qilish va mahsulotni tarqatishdan bosh tortgan.
Rossiyaning BMTdagi elchisi Vitaliy Churkin izohicha, Ukraina turli bahonalar bilan karvon yo’lini to’sgani uchun chegarani kesib o’tishga qaror qilingan. “Uzoq kutdik, natija bo’lmadi. Odamlar yordam kutayotgan edi”, - deydi u.
Endilikda Donetsk mahalliy hukumati ham Rossiyadan yana bir karvon jo’natishni so’ramoqda.
Ukraina armiyasi separatistlarni sharqdagi shaharlardan siqib chiqarish uchun hujumlarga zo’r berayapti. Donetskda morg va kasalxona vayron bo’lgan.
Luganskda Litva konsuli o’g’irlanib o’ldirilgani haqida ham xabarlar bor. Tafsilotlar ma’lum emas.