Ukraina rahbari: Rossiyani Xavfsizlik Kengashida veto huquqidan ayirish kerak

  • Amerika Ovozi

Petro Poroshenko "Amerika Ovozi"ning Ukraina xizmati bilan suhbatda

Ukraina Prezidenti Petro Poroshenko fikricha, BMT Xavfsizlik Kengashi a'zosi Rossiyani veto huquqidan ayirish lozim.

"Harbiy jihatdan qudratli bir davlat sifatida Rossiya kengash a'zosi bo'lib qolaversin, ammo BMT qarorlarini to'sa olmasin. Shunda dunyo ancha tinchroq bo'ladi", - dedi Ukraina rahbari "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

O'tgan oy Rossiya Malayziya samolyoti halokatini tekshirish va aybdorlarni jazoga tortish uchun xalqaro tribunal tashkil etish to'g'risidagi Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasiga qarshi ovoz bergan. O'tgan yili yozdan yuz bergan fojiada 298 kishi halok bo'lgan edi, aksariyati niderlandiyaliklar.

"Samolyotni kim urib tushirganini dunyo bilishi kerak. Afsuski, bitta davlatning qarshiligi sabab tekshiruvga yo'l berilmayapti", - deydi Prezident Poroshenko.

Kiyev va G'arb davlatlari nazarida, Boing samolyotini qulatgan raketa isyonchilar nazoratidagi hududdan otilgan. Rossiya da'vosiga ko'ra esa laynerni Ukraina harbiylari nishonga olgan.

Hafta boshida Ukraina xavfsizlik kengashi qabul qilgan yangi harbiy doktrina Rossiyani dushman davlat deb ta'riflaydi. Ukraina NATO a'zoligi tomon harakatni davom ettirishi ham ko'zlangan.

Prezident Poroshenkoning qayd etishicha, shimoliy alyansga a'zolikni ukrainaliklarning yarmidan ko'pi qo'llab-quvvatlaydi.