Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Ukraina rahbari Petro Poroshenko bugun Milanda ko'rishib, Ukrainadagi tanazzulni hal qilish haqida gaplashdi.
Uchrashuvda Germaniya kansleri Angela Merkel va Fransiya rahbari Fransua Olland ham ishtirok etgan.
To'rt arbob Milanda Osiyo va Yevropa rahbarlarining yillik sammiti doirasida uchrashyapti. Jurnalistlar muzokara qanday o'tayapti, natijalar qanday, deya so'raganida Putin "ma'qul" deya javob bergan.
Poroshenko esa Rossiya va Ukraina o'rtasida gaz ta'minoti borasida olg'a siljish bor, demoqda.
Shuningdek, ikkisi Ukraina sharqidagi ixtilof tinimsiz davom etishidan hech kim manfaatdor emasligini ta'kidlayapti. Mojaro shu kungacha minglab odamlarni hayotda olib ketib ulgurdi.
Rossiya Qrimni o'ziga qo'shib olib, Kreml sharqdagi isyonchilarni qo'llab-quvvatlashda davom etar ekan, G'arb va Rossiya aloqalari sovuq urushdan keyingi eng quyi nuqtaga yetgan. G'arb Moskvani bir necha bor sanksiyalar bilan jazoladi.
Ukraina sharqida Malayziyaga qarashli yo'lovchi samolyotining urib tushirilishi va natijada 298 odamning o'limi aloqalarni yanada keskinlashtirgan.
Moskva isyonchilarni samolyotni urib tushirishda qo'llangan raketalar bilan ta'minlaganini qat'iyan rad etadi.