Ukraina: Rossiya bo'lginchilarga tanklar, og'ir qurollar yubordi

  • Amerika Ovozi

Qo'shma Shtatlar va Rossiya Ukrainadagi voqealar yuzasidan ma'lumot almashishga kelishib olgan.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, Ukrainadagi jarayonlar bo'yicha tomonlarning fikri doim ham hamomang bo'lmasa-da, bir-birini xabardor qilib turishga rozi.

Rossiyaga qo'yilgan sanksiyalar olib tashlanishi mumkinmi degan savolga, Kerri "bu Moskva qilayotgan qarorlarga bog'liq" deya javob berdi. AQSh bosh diplomati Pekinda, Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlari yig'inida qatnashmoqda.

U Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan qisqa uchrashuv o'tkazgan. Matbuot anjumanida Lavrov Rossiyaning Ukrainadagi bo'lginchilarga harbiy yordam yetkazayotgani to'g'risidagi savollarni chetlab o'tdi va sulh kelishuvini tilga oldi xolos.

"Separatistlar va Kiyev o'rtasida sulh imzolangan. Uning shartlariga to'liq amal qilish ularning o'ziga havola", - dedi vazir.

Kuni-kecha NATO tashkiloti Rossiya-Ukraina chegarasida yirik harbiy kolonna harakatlayotgani haqida ma'lumot tarqatdi. Alyans so'zlovchisiga ko'ra, Rossiya bo'lginchilarga og'ir qurollar yetkazishga tayyorgarlik ko'rayotgan bo'lishi mumkin.

Sal avval Ukraina hukumati sharqdagi ayirmachilarga Rossiyadan o'nlab tank, og'ir qurollar va o'q-dori yetkazilganini da'vo qilgan edi.

"Rossiya Federatsiyasidan aksil-terror operatsiyasi olib borilayotgan hududlarga harbiy texnika oqib kirishda davom etmoqda. Kechaning o'zida Lugansk mintaqasiga 32 tank, 16 artilleriya sistemalari, 30 kamazga ortilgan o'q-dori va jangchilar yuborilgan", - deydi Ukraina Milliy xavfsizlik kengashi so'zlovchisi Andrey Lisenko.