NATO bayonotida aytilishicha, Rossiya Ukraina bilan chegarada 20 mingga yaqin qo'shin to'plagan. Hududda tanklar, samolyotlar, maxsus bo'linmalar ham bor. AQSh Mudofaa vazirligi va Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi bu ma'lumotni tasdiqlagan. Kengash matbuot kotibi Andrey Lisenkoga ko'ra, chegarada 45 ming rus askari safarbar etilgan.
Ukraina armiyasi Donetsk shahrida o’rnashib olgan isyonchilarga qarshi amaliyotni boshlash arafasida turibdi. Sharqdagi otishmalarda bugun uch harbiy o'lgan, 46 nafari yaralangan, deydi Lisenko.
Xabarlarga ko'ra, separatistlar bilan urush qilayotgan ukrainalik harbiylarning bir necha yuz nafari holdan toyib qo'shni Rossiyaga o'tgan. Ulardan birining Rossiya matbuotiga aytishicha, askarlarda oziq-ovqat, o'q-dori qolmagan.
Bu o'rtada inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi Human Rights Watch tashkiloti separatistlarni tibbiy xizmatchilar va muassasalarga hujumlarda, tibbiy jihozlar va kasalxona mebellarini o’g’irlab, vayron qilganlikda, tez yordam mashinalarini olib qochib, jangchilarini tashiganlikda ayblamoqda.
Guruh taxminiga ko’ra, Ukraina armiyasi hujumlarida esa kamida ikki tibbiy xizmatchi o’lgan.