Ukraina parlamenti rus tili maqomini mustahkamlovchi qonun loyihasini ma’qullagach, poytaxt Kiyevda namoyishlar tinmayapti. Hujjat rusiyzabon viloyatlarda ruschaga regional til maqomini beradi. Parlament spikeri Volodimir Litvin bu taklifdan norozi bo’lib ishdan ketish haqida ariza topshirgan.
Agar loyiha qonunga aylansa, Ukrainaning asosan ruslar yashaydigan hududlarida sudlar, ta’lim maskanlari va hukumat idoralari rus tilida ish yuritadi. Biroq ukraincha davlat tili maqomini saqlab qoladi.
Sovet Ittifoqi barham topganiga 20 yildan oshibdiki, ko’plar nazarida bu chora Ukraina suverenitetiga tahdid solmoqda.
Kiyevda yuzlab odamlar namoyishga chiqib, parlament qarori ukrain tilini sekin-asta siqib chiqaradi, deya norozi.
Seshanba kuni parlamentda ustun Regionlar partiyasi rus tili maqomiga doir tashabbus bilan chiqib, bir necha daqiqada uni tasdiqlatib olgan.
Oppozitsiyadagi deputat Andri Shevchenck ovoz berishga harakat qildik, lekin politsiya bizni siltab tashladi, deydi.
Boks bo’yicha chempion Vitaliy Klichko Udar muxolif partiyasini boshqaradi. Ovoz berish jarayoni xolis o’tmadi, deydi u.
Klichko nazarida agar parlament xalq bilan hisoblashmasa, parlament bo’lishga loyiq emas. Qonunchilik organida ovozlar soxtalashtirilmoqda, deb hisoblaydi u.
Namoyishchilar prezident Viktor Yanukovichni loyihaga veto qo’yishga chaqirmoqda. Natijada Yanukovich parlament spikeri Volodimir Litvin bilan favqulodda majlis chaqirgan.
Litvin esa hujjat qanday muhokama qilinib, shosha-pisha tasdiqlanganidan ko’ngli to’lmay, ishdan ketishga qaror qilgan.
Loyiha yuzasidan tortishuvlar tinmasa, deydi prezident Yanukovich, erta parlament saylovlari o’tkaziladi. Rejaga ko’ra, saylovlar oktabrda o’tishi kerak.
Tahlilchilar esa hujjat nafaqat rus, balki boshqa tillarga ham taalluqli ekanini eslatadi. Aholisining 10 foizdan ko’pini boshqa elatlar tashkil etsa, o’sha viloyat va shaharlarda mazkur tillarga regional maqom beriladi. Tatar, venger, rumin tillari ana shularga misol.