Yevropa Ittifoqi Rossiyani Ukrainadagi mojaroga aralashayotganlikda ayblab, uning moliya va mudofaa tizimlariga qarshi yangi sanksiyalar kiritishi kutilmoqda. Bugun Yevropa Ittifoqi elchilari Bryusselda majlis qiladi.
AQSh prezidenti Britaniya, Germaniya, Italiya va Fransiya rahbarlari bilan telefonda gaplashib, yangi jazo choralarini muhokama qilgan.
Bu o’rtada xalqaro tergov guruhi Ukraina sharqida urib tushirilgan Malayziyaga qarashli samolyot halokatini taftish qilishga harakat qilmoqda. Biroq samolyot qulagan joy atrofida Ukraina armiyasi va isyonchilar o’rtasida qonli janglar davom etarkan, buning iloji bo’lmayapti.
Tergovga bosh bo’lgan Niderlandiya Ukraina hukumatidan harbiy amaliyotni bas qilishni so’ragan.
Bugun ma’lum bo’lishicha, Ukraina armiyasi isyonchilarga qarshi qisqa masofali ballistik raketa otgan. Kecha esa Gorlovka shahri armiya tomonidan bombardimon qilinib, 17 kishi, jumladan bolalar, o’lgan.
O’z navbatida AQSh Rossiyani o’z hududidan turib Ukraina harbiylarini o’qqa tutayotganlikda ayblamoqda.