AQSh Davlat departamenti dunyo bo’ylab diniy erkinliklarga bag’ishlangan yillik hisobotini chop etdi. Unda ko’p mamlakatlardagi ahvolga baho beriladi. To’qqiztasi “alohida xavotirga molik davlat” deya topilgan. O’zbekiston shulardan biri.
Hisobot har yili chop etiladi. Bu 16-si. Unda bir yil davomida yuzdan oshiq mamlakatlardagi diniy ahvol yoritiladi, fuqarolarning e’tiqodi o’rganilib, vaziyatga baho beriladi, qonunbuzarliklarga doir misollar keltiriladi.
Bu yilgi hisobotga ko’ra, 2013-yilda bir necha mamlakatda ayrim din vakillari ta’qibga olingan. Xoh musulmon bo’lsin, xoh nasroniy, xoh buddist. Ayniqsa mojaro zonalarida bunday insonlarning uy-joyini ommaviy tarzda tashlab ketish hollari qayd etilgan.
AQSh Davlat departamenti asosan hukumatlarni ayblaydi. Ba’zida ularning o’zi qonunni buzgan bo’lsa, boshqa hollarda huquqlarning poymol etilishiga ko’z yumgan, diniy guruhlar xavfsizligini ta’minlamagan, ba’zida esa diniy faoliyatni cheklovchi qonunlar joriy etgan.
Hisobotda aytilishicha, asosiy erkinliklarning bo’g’ilishi zo’ravon ekstremistik kuchlarning kelib chiqishiga, hukumatning bu siyosatidan norozilarning ularga qo’shilishiga sabab bo’lmoqda.
Ayrim mamlakatlarda hukumatlar diniy guruhlarga qarshi zo’ravonliklarni tergov qilmaydi, aybdorlarni jazolamaydi, deyiladi hujjatda.
Hisobotni taqdim etgan AQSh davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, Janubiy Osiyodan tortib Afrikagacha bo’lgan hududda ayrim hukumatlar ba’zi dindorlarni adolatsiz qonunlar va beshafqat jazolar bilan 21-asrga mos bo’lmagan ravishda tazyiqqa olib keldi.
Kerri Iroqda shialarga qarshi zo’ravonliklarni ham qoraladi.
"Shia musulmonlarning ommaviy ravishda so’yilishi, Mosulda nasroniylarning kuch bilan islomni qabul qilishga majburlanishi, jinsiy zo’ravonliklar, qatllar, ayol va bolalardan jonli qalqon sifatida foydalanish – bularning barchasi vahshiylik", - dedi Kerri.
AQSh davlat kotibi Birmada roxinjalik musulmonlarning uylaridan haydalib, qochqinlar lageriga joylashtirilishini ham tilga oldi.
Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi Human Rights Watch tashkiloti vakili Sara Margon hisobotni olqishladi, ammo Vashington o’z tashqi siyosatida doim ham unga mos ravishda ish yuritmasligini ta’kidladi.
"AQSh o’ziga qulay bo’lgan hollardagina tanqid bilan chiqadi. Boshqa safar sukut saqlaydi", - deydi faol.
Hisobot mualliflari to’qqiz mamlakatni “alohida xavotirga molik” deb topgan. Ular orasida Markaziy Osiyodan O’zbekiston va Turkmaniston.
Hujjatga ko’ra, O’zbekistonda qonunlar diniy erkinlikni himoya qilishga qaratilgan, ammo amalda diniy faoliyatlar keskin cheklangan. Diniy guruhlarga siyosat bilan shug’ullanish, siyosiy partiyalar va ijtimoiy harakatlar tuzish man qilinadi.
O’zbekistonda 16 e’tiqodga mansub 2223 ta diniy guruhlar ro’yxatdan o’tgani aytiladi. Shulardan 2051 tasi musulmon guruhlari.
Hisobotda aytilishicha, O’zbekistonda diniy ekstremizmga aloqadorlik aybi bilan qamash hollari davom etmoqda. Bunday mahbuslar hibsxona va qamoqxonada qiynoqqa solinadi, ba’zilari qiynoqlarga chidamay jon bergan.
Hujjatda ana shunday holatlarning ayrimlari misol tariqasida keltiriladi. Unga ko’ra, diniy ekstremizmda ayblangan ba’zi shaxslar qochqin maqomini so’ragan bo’lishiga qaramay, Ukraina, Rossiya va Qozog’iston kabi mamlakatlardan O’zbekistonga ekstraditsiya qilingan.
O’zbekiston 2011-yildan beri har yili Davlat departamenti hisobotida “alohida tashvishga molik mamlakat” sifatida tilga olinadi. Bunday davlatlarga AQSh ba’zi turdagi yordamini cheklaydi.