Ukraina mudofaa vaziri Vashingtonda Rossiya harakatlari xususida gaplashdi

  • Amerika Ovozi

Ukraina chegarada Rossiyaning ko’p sonli qo’shinlari to’planganidan xavotirda ekan, bu mamlakat mudofaa vaziri Vashingtonda bo’lib, mudofaa va strategik mavzularni muhokama qildi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 23-noyabr, 2021-yil

"Bizning razvedka, Amerika razvedkasi, Britaniya razvedkasi ishini qilyapti. Ma’lumotimizni ularnikiga solishtirib, bir xil manzaraga guvohmiz. Rossiya bilan 8 yildan beri shunday gibrid urush holatida yashayapmiz. Buning biz uchun ajablanarli tomoni yo’q”, - dedi 4-noyabrda mudofaa vaziri lavozimiga tayinlangan Oleksiy Reznikov.

"Sizni ishontirib aytamanki, Prezident Bayden Prezident Zelenskiyga va’da berganday bizning Ukraina mudofaasi, suvereniteti va hududiy daxlsizligiga xayrixohligimiz qat’iydir”, - dedi uchrashuv chog’ida AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin.

Rossiya qo’shinlarining Ukraina yonidagi harakatlanishini kuzatib turgan Urushni o’rganish institutiga ko’ra, Ukrainaga hujum Prezident Vladimir Putin uchun katta xato bo’ladi.

"Yirik harbiy amaliyot qimmatga tushadi. Masalan, “Shimoliy oqim” quvurining sertifikatlashishi cho’zilishi yoki NATO va Yevropadagi boshqa kuchlar Ukrainaga safarbar etilishi mumkin. Amaliyot moliyaviy jihatdan ham qimmat bo’ladi. 2021-yilgi Ukraina armiyasi 2014-yilgisi bilan bir xil emas”, - deydi institut tahlilchisi Meyson Klark.

Biroq, deydi NATO bosh kotibining sobiq o’rinbosari Aleksandr Vershbou, Ukrainaga hujum Putin uchun tavakkalga arzigulik harakat bo’lishi mumkin.

“Ukrainaning G’arbga qo’shilish harakatlariga barham berish uchun Putin o’zini tavakkal qilishga majbur deb bilishi mumkin. U o’zi, merosi, Rossiya yerlarini yig’ayotgan rahbar sifatidagi qiyofasini himoya qilish uchun bizning nazarimizda mantiqsiz bo’lgan harakatga qo’l urishi mumkin”, - deydi Rossiyada 4 yil elchilik qilgan arbob.

Ukraina mudofaa vaziriga ko’ra, G’arbning yordam berish haqidagi va’dasi hozirgi pallada katta ahamiyatga ega.

“Biz tayyormiz. Qurolli kuchlarimiz tayyor. Biroq dunyoning aqli raso mamlakatlaridan qo’shma yordam kerak. Qo’rqib o’tirishga vaqtimiz yo’q”, - dedi Reznikov.