Salkam 50 mamlakat mudofaa vazirlaridan iborat “Ukraina mudofaasi uchun aloqa guruhi” payshanba kuni majlis qilib, Ukrainaning hozirgi palladagi harbiy ehtiyojlari xususida gaplashdi, jumladan ukrainalik uchuvchilarni F-16 qiruvchi samolyotlarini boshqarish uchun tayyorgarlikdan o’tkazish haqida. Daniya va Niderlandiya mashg’ulotlarga bosh bo’lmoqchi.
Your browser doesn’t support HTML5
“Samolyotlar arzon emas. Hamma mamlakatlarda F-16 bor ham emas. Ular mashg’ulotlar yoki texnik xizmat ko’rsatishda yordam berolmaydi, ammo moliyaviy ko’mak berishlari mumkin”, - dedi AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin.
AQSh bosh harbiysi general Mark Milli F-16 dan mo’jiza kutmaslikka chaqirdi.
“Sehrli qurollar bo’lmaydi. F-16 yoki biror boshqa qurol va harbiy texnika sehrli emas. F-16 samolyotining 10 tasi bir milliard dollar turadi. Texnik xizmat ko’rsatish yana shunchaga tushadi. 10 ta samolyot uchun 2 milliard dollar haqida gap ketyapti. Ruslarda 4- va 5-avlod samolyotlaridan ming dona bor”, - dedi Milli.
“Ukraina mudofaasi uchun aloqa guruhi” urush boshidan beri Ukrainaga 65 milliard dollarga teng yordam ko’rsatdi.
AQSh rasmiylariga ko’ra, berilayotgan qurollar jang maydonidagi dinamikani o’zgartirishni maqsad qilishi kerak, Rossiya hududiga hujum qilishni emas.
“Ukrainaliklarga AQShdan kelayotgan qurollarni Rossiyaga qarshi hujumlarda qo’llamaslikni tavsiya qilib kelyapmiz. Nega? Chunki bunday bo’lishini istamaymiz, bu Ukraina urushi, AQSh va Rossiya o’rtasidagi, NATO va Rossiya o’rtasidagi urush emas”, - deydi Milli.
Biroq rus rasmiylari AQSh va NATO allaqachon mojaroda bevosita qatnashayotganini aytarkan, F-16 samolyotlari Ukrainaga berilsa, yadroviy to’qnashuv xavfi haqida ogohlantirmoqda.
O’tgan tunda Rossiya qurolli kuchlari Ukrainaning Dnepropetrovsk viloyatiga havodan hujum qilgan. Mudofaa vazirligi qurol va o’q-dori saqlanuvchi ombor nishonga olinganini ma’lum qildi.
Ukraina tarafi Kiyev, Dnepr va sharqdagi boshqa hududlar tomon otilgan 17 ta raketadan 10 tasi, uchirilgan 31 ta drondan 20 dan oshig’i urib tushirilganini da’vo qilmoqda.