Ukrainada motam e'lon qilindi

Ukraina vertolyoti urib tushirilishi oqibatida paydo bo'lgan qora tutun, 29-may, 2014-yil.

Ukrainaliklar 29-may kuni vertolyot urib tushirilishi oqibatida halok bo’lgan harbiylarni xotirlamoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Ukrainada motam, Malik Mansur

Ukrainaning Ivano Frankova viloyatida ayrimchilar tomonidan urib tushirilgan vertolyot qurbonlari xotirasiga motam kuni e`lon qilindi.

Ukarina Milliy gvardiyasi uchog`i 29-may kuni aksilterror amaliyoti davom etayotgan Slavyansk shahrida nishonga olingan edi.

Vertolyot qulashi oqibatida halok bo`lgan 14 harbiyning aksariyati Ivano Frankova viloyatidan ekani ma’lum. Qurbonlar orasida Milliy gvardiya general mayori Sergey Kulchiskiy ham bor.

Harbiylar o`limi munosabati bilan o`z hamdardligini bildirgan Ukrainaning yangi saylangan prezidenti Petro Poroshenko jinoyatchilar qilmishi uchun javob berishini ta`kidlagan.

Ukraina sharqidagi vaziyat esa keskinligicha qolmoqda. Hukumat aksilterror amaliyoti jangarilar sharqiy viloyatlardan butunlay siqib chiqarilmaguncha davom etishini bildirmoqda.

30-may kuni Ukraina armiyasi Slavyanskda ayirmachilar joylashgan nuqtalarni havodan nishonga olish amaliyotini qayta boshlagan.

Ayirmachilar orasida chechen jangarilari jang qilayotgani haqidagi ma`lumotlar ortidan to`qnashuvlar tobora kuchayib borayotgani ta`kidlanadi.

AQSh o’z xavotirlarini izhor qilib, Rossiyaning ayirmachilarni qo`llab-quvvatlayotgani vaziyatni yanada og’irlashtirayotganini ma’lum qildi.

Ukraina armiyasi so’zlovchisi Vladislav Seleznyovga ko`ra, ayirmachilar orasida kavkazlik jangarilar bor, ammo ularning kimligi, soni haqida aniq ma`lumot aytish qiyin.

Matbuotda Slavyanskda o`tkazilgan havo amaliyotidan so`ng Chechenistonga o`nlab jangarilar jasadi keltirilgani haqida ma`lumotlar paydo bo’lgan.

Rossiya ayni paytda Donetsk viloyatidagi aholiga gumanitar yordam ko`rsatish iddaosi bilan chiqmoqda. Ukraina Tashqi ishlar vazirligi bunga keskin norozilik notasi bilan javob qildi.

Ayirmachilar Slavyanskdagi bolalar xavfsizligini ta`minlash uchun ularning Rossiya hududiga evakuatsiya qilinishini talab qilib chiqqan. So`nggi ma`lumotlarga ko`ra, 200 nafar bola avtobusda Rossiya hududiga, jumladan, Qrimdagi dam olish lagerlariga jo`natilgan.

Kiyevda esa Rossiya bu harakatdan Ukrainaga qarshi targ`ibotda faol foydalanadi, degan xavotirlar bor. Radadagi ayrim deputatlar shunga qarshi o’z noroziligini izhor qilib, nazoratni qo`lga olishga chaqirishmoqda.