Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlari AQShda BMT doirasida Afg’oniston va mintaqa bo`yicha o’tayotgan konferensiyada qatnashmoqda. BMT Xavfsizlik Kengashida Afg’oniston va Markaziy Osiyo o'rtasida mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish bo’yicha muzokaralar bo'lib o'tishi kutilmoqda.
Markaziy Osiyo va Afg`oniston hamkorligi Qozog’iston Prezidentining AQShga safari davomida ham muhokama qilinayotgan mavzular qatorida.
Markaziy Osiyo hamkorligi, mintaqaviy xavfsizlik masalasi, Markaziy Osiyo va Afg’oniston aloqalarini rivojlantirish BMT Xafsizlik Kengashi yig’ilishida ham, Tramp va Nazarboyev o’rtasidagi muzokaralarda ham tilga olingan.
Prezident Nazarboyev AQShdagi safari davomida Xavfsizlik Kengashining Markaziy Osiyo va Afg’oniston hamkorligi muhokama qilinadigan yig’ilishida qatnashadi. U mintaqaviy xavfsizlik va yadroviy qurollardan voz kechishga doir nutq bilan chiqishi kutilmoqda.
Yanvar oyidan boshlab Xavfsizlik Kengashiga raislik qilayotgan Qozog’iston Afg’onistondagi vaziyat, mintaqa manfaatlari ifoda etilgan bir qator tashabbuslar bilan chiqqan.
Markaziy Osiyo va Afg’oniston hamkorligiga doir konferensiya arafasida Qozog’istonning Xavfsizlik Kengashidagi doimiy vakili Kayrat Abdurahmonov boshchiligidagi Xavfsizlik Kengashi delegatsiyasi Afg’onistonga safar uyushtirib, mamlakatdagi vaziyat bilan yaqindan tanishgan, Afg'oniston Prezidenti Ashraf G’ani, mamlakatdagi boshqa rasmiylar bilan muloqot o’tkazgan.
Markaziy Osiyo va Afg’oniston hamkorligi prezidentlar Tramp va Nazarboyev uchrashuvida ham muhokama qilingan masalalar qatorida. Amaldagi Markaziy Osiyo va AQSh muloqotiga doir uchrashuvlarni Afg’oniston hisobiga ham kengaytirish bo’yicha mulohazalar bildrilmoqda.
Xavfsizlik Kengashida Qozog’iston raisligida tashkil qilingan Markaziy Osiyo va Afg’oniston hamkorligiga oid konferensiyada mintaqa tashqi ishlar vazirlari, jumladan, O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi O'zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.
O’zbekistonda hokimiyat almashar ekan, mamlakatning Afg’onistonga doir siyosatida o’zgarishlar kuzatildi, hamkorlik jiddiy faollashdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Afg’onistonni mintaqaviy jarayonlarga, hamkorlikka kengroq jalb etish kerak degan pozitsiyada.
“Bizning birinchi vazifamiz Afg’onistonni mintaqaviy iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlarga qo’shilishi uchun har tomonlama ko’mak ko’rsatishdan iboratdir. Bu o’z navbatida jahon hamjamiyatining Afg’onistonda barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan say-harakatlariga uyg’un va hamohangdir”, - degan edi Mirziyoyev.
Toshkentning afg’on siyosati faollashishi ortidan o’tgan yil dekabr oyida Prezident Ashraf G’ani O’zbekistonda rasmiy tashrif bilan kutib olindi, O’zbekiston va Afg’oniston munosabatlaridagi dastlabki oliy tashrif maqomidagi bu muzokaralar davomida o’zaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan bir qator hujjatlar imzolandi.
Tashrif davomida matbuotga chiqishini o’zbek tilida boshlagan Prezident Ashraf G’ani ikki o’rtada oliy toifadagi muzokaralar o’tishini so’nggi yuz yil davomida uzilib qolgan tarixiy aloqalarning tiklanishi sifatida baholadi. Alisher Navoiydan o’zbek tilida iqtibos keltirishi bilan jamoatchilikda ham katta qiziqish uyg’otgan edi.
Komilov boshchiligidagi delegatsiya Xavfsizlik Kengashi yig’inidagi ishtirokidan tashqari AQSh va O’zbekiston aloqalari yuzasidan ham muzokaralar o’tkazishi xabar qilindi. AQSh bilan muzokaralarda kutilayotgan masalalardan yana biri Markaziy Osiyo va AQSh muloqotiga doir uchrashuvlardir.
“C5+1” shaklida tashkil qilingan bu muloqotning dastlabki uchrashuvi Samarqandda o’tkazilgan edi. AQSh Davlat kotibining Markaziy Osiyo bo`yicha muovinlaridan biri Elis Uells Nazarboyev tashrifi arafasida Prezident Tramp bilan uchrashuvda mintaqaviy hamkorlikning navbatdagi muloqotini o’tkazish masalasida qaror berilishini ma’lim qilgan edi.
Abdulaziz Komilov AQShdagi uchrashuvlari davomida Donald Tramp va Shavkat Mirziyoyev o’rtasida dekabr oyida kuzatilgan telefon muloqotida surilgan taklif, Mirziyoyevning AQShga safarini rejalashtirish bo’yicha ham muzokaralar o’tkazishi ehtimol qilinmoqda.