Nyu-Yorkda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 66-sessiyasi boshlanar ekan, Isroil-Falastin mojarosi - asosiy mavzu.
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Falastin bilan tinchlik muzokaralarini qayta boshlashga tayyor.
Falastin rahbari Mahmud Abbos o’z yurtini BMTga to’laqonli a‘zo sifatida qabul qilishni so’ramoqda. Bu haqda u Bosh kotib Pan Gi Mun bilan gaplashib olgan.
Amerika Falastinga Isroil bilan tinchlikka erishmay turib bunday qilmaslik kerak deb maslahat bergan.
Falastin alohida davlatga aylanib, Isroil bilan yonma-yon ahillikda yashashi azaliy orzu, deydi AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton.
Bugun Nyu-Yorkka yetib kelgan Benyamin Netanyaxu ertaga prezident Barak Obama bilan uchrashadi. Amerika rahbari Mahmud Abbos bilan ham muloqot qiladi.
Uzoq yillik mojaroga nuqta qo’yish payida yurgan Yaqin Sharq To’rtligi - AQSh, Yevropa Ittifoqi, Rossiya va BMT – tomonlarni hududiy kelishmovchiliklar tezlikda hal etishga undamoqda.
Falastin davlatchiligi masalasi Xavfsizlik Kengashiga oshirilsa, AQSh veto qo’yishini bildirgan.
Buni tushunib turgan Falastin rahbariyati juda bo’lmaganda BMT Bosh Assambleyasida kuzatuvchi emas, a’zo sifatida o’tirish imkoniyatini qo’lga kiritmoqchi.
Bu maqom esa ularga Xalqaro Jinoiy Sudga Isroil ustidan arz qilish huquqini beradi. Yahudiy davlat, deydi falastinliklar, “bizga tegishli hududda o’z aholisi uchun uy-joy qurishda davom etmoqda”.
Isroil Tashqi ishlar vaziri muovini Denni Ayalon deydiki, uning davlati G’azoda hukmron XAMAS jangari guruhini terrorism va huquqbuzarlikda ayblab, Xalqaro Jinoiy Sudga murojaat qilishga shay.
“Shuni qayd etamizki, biz Falastin bilan muzokara qilishga, o’zaro manfaatli yechim ustida kelishishga tayyormiz. Sudlashish hech kimga foyda keltirmaydi”,- deydi Ayalon.
Yaqin Sharq To’rtligi rahbari, Britaniya sobiq bosh vaziri Toni Bleyerning aytishicha, Falastin suveren va mustaqil davlatga aylanadi, lekin bunga shoshmasdan, tub muammolarni hal etish bilan erishmoq lozim.
“Maqsad - hamma jumborlarga muzokara orqali javob topish. Falastin shunday davlat bo’lsinki, qo’shni mamlakat unga xavf manbai sifatida qaramasin”,- deydi Bleyer.
Falastin davlati, deydi Mahmud Abbos, 1967-yilda Isroil Iordan daryosining g’arbiy sohili va G’azoni bosib olmasidan avvalgi hududda tashkil topishi lozim.