2012-yilda majburan o’z uyini tark etganlar soni 45 milliondan oshgan. Bu 1994-yildan beri eng katta ko’rsatkich. BMTning qochoqlar bilan ishlovchi agentligi e’lon qilgan “Global o’zgarishlar” nomli hisobotda o’tgan yili urush tufayli uch milliondan ortiq odam o’z uyini tashlab ketgani yozilgan.
BMT ma’lumotiga ko’ra, qochqinlarning 28,8 millioni mamlakat ichidagi nizolar oqibatida bir hududdan ikkinchi hududga ko’chishga majbur bo’lgan. Bu xorijga bosh olib ketgan 15 million odamdan qariyb ikki barobar ko’p.
Your browser doesn’t support HTML5
“Global o’zgarishlar”ga ko’ra, o’tgan yili 7,6 million inson majburan vatanini tark etgan. Bu degani, har to’rt soniyada bitta odam urush tufayli uyini tashlab ketyapti.
Qochoqlarning yarmidan ko’pi Afg’oniston, Somali, Iroq, Suriya va Sudandan. So’nggi paytlarda Mali, Kongo, Janubiy Sudan va efiopiyalik qochqinlar soni oshgan.
Hisobotga ko’ra, Suriya urushi bu boradagi global raqamlarda jiddiy o’zgarish yasadi. 2012-yilning oxirigacha Suriyadan qo’shni o’lkalarga 650 ming qochqin chiqqan. Bu faqat o’tgan yilgi raqamlar, deydi BMT rasmiysi Antonio Guterres.
“Hozir suriyalik qochoqlar soni 1,6 milliondan ortiq. Ya’ni, yanvardan hozirgacha qochib chiqqanlar soni 2012-yil davomida butun dunyoga tarqab ketganlar sonidan oshib ketdi. Bu Suriya inqirozining naqadar chuqur ekanini ko’rsatadi”, - deydi Guterres.
Boy davlatlar borgan sari qochoqlarni qabul qilish shartlarini qiyinlashtirmoqda. Hozir qochqinlarning 80 foizi rivojlanayotgan mamlakatlardan boshpana topmoqda. 10 yil oldin ular hissasi faqat 70 foizni tashkil etgan.
BMT agentligi ma’lumotiga ko’ra, qochqinlarning 46 foizi 18 yoshga to’lmagan bolalar. Siyosiy boshpana so’rayotganlar orasida ota-onasiz voyaga yetmaganlar soni ortmoqda. O’tgan yili 21,300 bola xorijda boshpana so’rab murojaat qilgan. Ular soni shu paytgacha bunchalik ko’p bo’lmagan.
BMT ayni paytda qochqinlarni boshpana bilan ta’minlash ustida ishlamoqda. O’tgan yili bir yarim million odam vataniga qaytarilgan bo’lsa,74 mingi xorijdan qo’nim topgan.
Eng ko’p qochoqqa ega davlatlar ro’yxatini 32 yildan beri Afg’oniston boshqarmoqda. Ikkinchi o’rinda Somali, keyin Iroq va Suriya. Eng ko’p qochoqqa joy bergan davlat esa Pokiston. Bu borada keyingi o’rinlarni navbat bilan Eron va Germaniya egallagan.