Tolibon BMT hisobotini tanqid qilib chiqdi

  • Amerika Ovozi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Tolibonnning AQSh bilan imzolagan kelishuvga amal qilishini savol ostiga olar ekan, ushbu harakat xalqaro tashkilotning yillik hisobotini tanqid qilmoqda. Tolibonga ko’ra, BMT xulosalari “asossiz va razvedkaga asoslangandir”. Hisobotda yozilishicha, harakat hanuz al-Qoida bilan aloqani uzmagan.​

AQSh va Tolibon yil boshida Qatarda erishgan kelishuv Afg’onistonda 19 yillik urushni murosa yo’li bilan tugatishni ko’zlaydi.

BMT hisoboti a’zo davlatlarning razvedka va xavfsizlik idoralari hamda mustaqil tadqiqot guruhlari bilan suhbatlarga asoslangan. Unda harakatning Afg’onistondagi boshqa guruhlar bilan muzokarada ishtirok etish va’dalari shubha ostiga olinadi.

“Bu hujjat AQSh-Tolibon kelishuvini buzish, mamlakatimizda urush olovi yonib turishini ta’minlash uchun yozilgan”, deyiladi Tolibon bayonotida.

Buni ham ko'ring Afg'on hukumati sulhni uzaytirish uchun 900 tolibni ozod etdi

Guruh o’z zimmasiga olgan majburiyatlarni bajarishga tayyor ekanini bildirmoqda. “Afg’oniston tuprog’i boshqalarga qarshi yoki trening bazalari uchun qo’llanishiga, birovlarga qarshi mablag’ to’plash uchun ishlatilishiga yo’l qo’yilmaydi”, deydi jangarilar.

Tolibonga ko’ra, AQSh bilan bitim urushga yakun yasash va Afg’onistonda “davomiy tinchlik va xavfsizlik” bo’lishi uchun muhim vositadir. Harakat o’z safida tarqoqlik va ixtilof borligi haqidagi da’volarni rad etmoqda.

Kelishuv doirasida AQSh va koalitsiyaga a’zo davlatlar o’z qo’shinlarini Afg’onistondan 2021-yil o’rtasigacha olib chiqadi. Bu jarayon allaqachon boshlangan. Tolibon esa o’z nazoratidagi hududlar terrorchilar tomonidan xalqaro hujumlar uchun qo’llanmasligini ta’minlashi lozim.

Jangarilar afg’on jamiyati a’zolari bilan sulh va hokimiyatni taqsimlash bo’yicha muzokaralarda qatnashishga ham va’da bergan.

BMT xulosalariga qaramay AQShning Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili Zalmay Halilzod kelishuv natija berishiga ishonch bildirmoqda.

“Tolibonning terrorizmga oid majburiyatlari qanday bajarilayotganini kuzatib borayotgan guruhimiz bor. Progress bo’layapti, jarayonlarni kuzatishda davom etamiz”, - deydi u.

Halilzodning aytishicha, Tolibon va Kobul o’zaro mahbus almashayotgani muzokaraning navbatdagi bosqichiga yo’l ochadi.

Al-Qoida bilan aloqalar

Buni ham ko'ring Kobul-Tolibon muloqoti – afg’on jurnalistlar nima deydi?

BMT hisobotiga ko’ra, toliblar xorijiy qo’shin ketganidan so’ng Afg’onistonda hokimiyatni kuch bilan tortib olishga qodir ekaniga ishonadi. Koalitsiya samolyotlari afg’on xavfsizlik kuchlariga ayniqsa havodan yordam berishi Tolibonni chekinishga majbur qilgan muhim omillardan biridir.

“Xalqaro qo’shin Afg’onistonni tark etayotgan bir paytda, toliblar turli bahonalar bilan muzokarani kechiktirishi xavfi bor”, deyiladi hujjatda.

BMT tavsiyasi shuki, Tolibonning al-Qoida bilan aloqalari a’zo davlatlar diqqat markazida qolishi lozim. Ikki guruh aloqalarni kuchaytirish yo’lidan borayotgani qayd etiladi.

“Bir a’zo davlatga ko’ra, al-Qoida va Tolibon o’rtasidagu muntazam uchrashuvlar shundan dalolatki, ikki guruh aloqani uzishi xomxayoldir”, deyiladi hisobotda. - Tolibon AQSh bilan muzokara paytida al-Qoida bilan muntazam ravishda maslahatlashgan va azaliy rishtalarni saqlab qolishga kafolat bergan”.