BMT Xavfsizlik Kengashi Isroil hujumini tergov qilishga chaqirmoqda

  • Amerika Ovozi

BMT Xavfsizlik Kengashi Isroilning falastinliklarga gumanitar yordam olib ketayotgan karvonga qilgan hujumini qoralab, voqeani xolis va oshkora tergov qilishga chaqirmoqda. 15 davlat a’zo kengash bir necha soat majlis qilgan. Kechagi xurujda to’qqiz kishi o’ldirilgani ma’lum.

Turkiya Bosh vaziri Rajap Toyip Erdog’an Isroilni “qatliom” va “terror xuruji”da ayblab, uni jazolashga da’vat etmoqda. Uning aytishicha, yahudiy davlati xalqaro qonunlarni buzgan va G’azo blokadasi darhol bekor qilinishi kerak.

Kengashning doimiy a’zosi AQSh pozitsiyasi shuki, voqea puxta tergov qilinib, javobgar tomon jazolanishi lozim. Yana bir yirik a’zo, Xitoy Isroilni zo’ravonlikda ayblamoqda.

Bugun Misr qo’shni G’azo sektori bilan chegarani vaqtincha ochgan, gumanitar yordam kirishi uchun. Rafa o’tish punkti haqida gap ketmoqda.

Isroil harbiylari kecha G’azoga yuk olib ketayotgan kemalarga hujum qilganida 10 ming tonna mahsulot musodara qilingan va yo’lovchilar – Falastinga xayrixoh 700 kishi hibsga olingan. 50 faol uyiga qaytarilgan, qolgani ketishdan bosh tortgan va hamon qamoqda.

Turkiya va arab davlatlari hujumni xalqaro tashkilot tekshirsin degan talabni qo’ymoqda, ammo bu vazifa Isroil hukumati zimmasiga yuklanishi ehtimoldan xoli emas.

AQShning BMT dagi elchisi muovini Aleksandro Vulf so’zlariga ko’ra, yahudiy davlati adolatli tergov o’tkazishga qodir. Ammo Meksikaning BMT Xavfsizlik Kengashidagi elchisi, idora raisligini qo’lga olgan Klod Xeller nazarida ishni xalqaro tashkilotga yuklagan ma’qul.

Bir yarim million aholi yashovchi, Xamas jangari guruhi boshqaruvidagi G’azo uch yildan beri Isroil blokadasida. 2007 yilda Xamas sektorni kuch bilan bosib olgan, shundan so’ng Misr va Isroil G’azo bilan chegarani yopgan edi. Sektorga gumanitar yordam olib kirish bag’oyat qiyin, ahvol ayanchli.

Isroil hukumati kechagi to’qnashuvda odamlar o’lganidan afsusda ekanini bildirmoqda. Ammo bu davlat rasmiylari nazarida kemadagilarning maqsadi G’azoga gumanitar yordam eltish emas, siyosiy mashmasha boshlash bo’lgan. To’qnashuv paytida bortdagilar harbiylarga pichoq va qurol bilan hujum qilgani aytiladi.

Lekin karvonga boshchilik qilgan Turkiya, yaqingacha Isroilning yaqin ittifoqchisi bo’lgan davlat, Tel-Avivdan elchisini chaqirib olgan. Munosabatlar 2009 yil boshida Isroil-Xamas urushidan so’ng ancha sovuqlashgan edi.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmet Dovuto’g’li bugun Vashingtonga kelib, AQSh rasmiylari bilan uchrashishi kutilmoqda.

Bugun G’azo bilan chegarada Isroil harbiylari va falastinliklar o’q almashgan. G’azolik ikki fuqaro o’lgan. Chegarada yo’llar yopilgan.

Dunyoning turli shaharlarida Isroilga qarshi namoyishlar o’tmoqda. Indoneziya va Malayziyada yuzlab talabalar ko’chaga chiqib, yahudiy davlatini agressiyada ayblamoqda.