Suriyalik inson huquqlari faollari ma'lumotiga ko'ra, hukumat kuchlari Hims shahrida hujumlarini davom ettirib, kamida 24 odamni o'ldirgan. Shahardagi bir necha tuman o'qqa tutilgan, shanbadan beri yuzlab odam nobud bo'lgan, deydi faollar. Suriyada mustaqil va xorijiy matbuot bo'lmagani uchun bu xabarlarni tasdiqlash imkoni yo'q.
BMT Bosh kotibi Pan Gi Munning aytishicha, Arab Ligasi undan kuzatuvchilarini Suriyaga qaytarishda yordam so'ragan. Pan Gi Mun va liga rahbari Suriya bo'yicha umumiy maxsus vakilni tayinlash xususida ham gaplashgan.
BMT bosh kotibi Xavfsizlik Kengashida Suriyaga doir rezolyutsiya qabul qilinmaganidan afsusda ekanini yana bir bor ta'kidlab, oqibati Suriya xalqi uchun salbiy bo'lishini bildirdi.
"Natijada hukumat xalqiga qarshi zulmni kuchaytirdi. Minglab odamlar qirildi. Ayniqsa Hims shahridagi yovuzliklar, og'ir qurollarning aholiga qarshi ishlatilishi qirg'in hali beri tugamasligidan dalolatdir", - deydi Pan Gi Mun.
Endigina Yaqin Sharqdan qaytgan BMT rahbariga ko'ra, Suriyadagi ahvol butun mintaqaga ta'sir qiladi. Pan Gi Mun Arab Ligasi rahbari Nabil al-Arabiy bilan zo'ravonliklarga barham berish yo'llarini muhokama qildi.
"Liga kuzatuvchilarini Suriyaga qaytarmoqchi, BMTdan yordam so'rashyapti. Missiyani birgalikda olib borishni taklif qilishyapti", - deydi Pan Gi Mun.
Suriyada ahvol yomonlashgach, liga kuzatuvchilarini yanvar oxirida chiqarishga majbur bo'lgan edi.
BMT rahbari Xavfsizlik Kengashining barcha 15 a'zosi bilan bu taklifni o'rganib chiqishini ma'lum qildi.
Pan Gi Mun nazarida Suriya prezidenti Bashar al-Assad ortiq hokimiyatda qolishi mumkin emas, mart oyidan beri o'lgan 5000 dan ziyod qurbonlar uchun javob berishi kerak.
Arab Ligasi va G'arbning Suriyani Xavfsizlik Kengashi orqali tartibga chaqirish harakatlariga Rossiya va Xitoy pand berdi. Tanqidiy rezolyutsiya loyihasi bu ikki davlat veto qo'ygani bois qabul qilinmadi.
Pekin va Moskva Assadni muxolifat bilan muloqot qilishga da'vat etgan. Suriya rahbari vitse-prezident Farruh al-Sharaani bu ishga mas'ul etib tayinlamoqchi. Biroq muxolifat hukumat bilan gaplashmoqchi emas.
Bu o'rtada Germaniyada Suriya elchixonasi muxolif guruhlar ustidan ayg'oqchilikda ayblanib, suriyalik to'rt diplomat haydalishi mumkin.